Xotin-qizlar huquqi qonun himoyasida
Andijon viloyati Marhamat tumanida “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” aksiyasi doirasida “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishda hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati Oila va xotin-qizlar, ichki ishlar, xalq ta’limi boshqarmalari, shuningdek, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Andijon viloyati hududiy markazi hamkorligida tashkil etilgan seminarda tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari, ta’lim muassasalari psixologlari ishtirok etdi.
[gallery-9826]
Seminarda mutasaddilar tomonidan viloyatda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, mavjud holat haqida ma’lumotlar berildi. Yutuq, muammo va kamchiliklar atroflicha tahlil etildi. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibda ko‘riladigan chora-tadbirlar va ularni qo‘llashning qonuniy asoslari xususida ishtirokchilarga tavsiya va tushunchalar berildi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, mutasaddi tashkilotlar hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan psixologlarning tuman va shaharlarda tashkil etilgan Ijtimoiy moslashuv maslahatxonalariga volontyor sifatida jalb etish, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga ruhiy yordam ko‘rsatilishi yuzasidan ham maslahatlar berildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA