Xotin-qizlar forumi: tanishuv, muloqot va hamkorlik
Issiqlik energetikasi tizimida xotin-qizlarning o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu ularning kasbiy salohiyati va ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar bilan bog‘liq.
Ana shunday sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va uning markazlari xotin-qizlari ishtirokida navbatdagi Xotin-qizlar forumiga start berildi.
Mazkur forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad tizimda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning jamoadagi o‘rnini mustahkamlash hamda o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Forumning ilk kunida ishtirokchilar uchun Islom sivilizatsiyasi markaziga madaniy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Ushbu tashrif ishtirokchilarda milliy merosga hurmat, ma’naviy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, forum doirasida intellektual bellashuvlar, seminar-treninglar, ijodiy tanlovlar hamda sport musobaqalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bunday tadbirlar ishtirokchilarning faolligini oshirish, jamoaviylik ruhini mustahkamlash va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ xodimi Feruza Sobirovaning qayd etishicha, 5-aprel kuni o‘z ishini yakunlaydigan forum dasturi turli-tuman va qiziqarli uchrashuvlar, seminarlar hamda tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
– Bunday forumlar nafaqat kasbiy rivojlanish, balki imkoniyatlarimizni namoyish etishga katta turtki beradi. Bu yerda biz yangi bilimlar olamiz, tajriba almashamiz va eng muhimi, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Har bir ishtirokchi o‘z sohasidagi eng yaxshi amaliyotlar bilan tanishadi, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni o‘rganadi. Forumning interaktiv seminar va treninglari ishtirokchilarni faqat nazariy bilim bilan cheklamay, amaliyotda qo‘llashni ham ta’minlaydi. Xotin-qizlarning energetika sohasidagi o‘rnini yanada mustahkamlashda bunday tashabbuslar juda muhim. Chunki ular nafaqat ish jamoasining kuchini oshiradi, balki butun sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, yangi liderlarni tayyorlash va barqaror rivojlanishga xizmat qiladi, – dedi F.Sobirova.

Forum davomida ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa kelgusida tizimda xotin-qizlar faolligini yanada oshirishda muhim hisoblanadi.
Mutaxassislar qayd etganidek, forum nafaqat ishtirokchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, balki butun energetika sohasida xotin-qizlarning o‘rni va nufuzini yanada oshiradi. Bunday tadbirlar tizimda sog‘lom ish muhitini shakllantirish, malakali kadrlar salohiyatini yuksaltirish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga keng imkoniyat yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA