Xotin-qizlar faolligi qo‘llab-quvvatlanmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish hamda bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlar natijasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarimiz soni ortmoqda. Ular oilaviy daromadini oshirib, xonadonidagi farovonlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi huzuridagi O‘zbekiston agro axborot innovatsiya markazi amalga oshirayotgan “Lider fermer ayollar orqali qishloq xotin-qizlarini qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjiriga jalb qilish va ularning daromadini yaxshilash” loyihasi doirasida Surxondaryo viloyati Termiz tumanida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tizimidagi agro axborot innovatsiya markazi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu seminar-treningda viloyatda faoliyat yuritayotgan fermer xotin-qizlar ishtirok etdi.


Seminar davomida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandligiga ko‘maklashish, iqtidorli xotin-qizlarni aniqlash, ularning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish borasidagi tizimli chora-tadbirlar keng muhokama qilindi. Lider fermer ayollar orqali hududdagi xotin-qizlar faolligini oshirish borasida so‘z yuritildi.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad ishtirokchilarni o‘qitish, shu bilan birga, keyinchalik ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash va yuksak natijalarga erishishlarida ko‘makdosh bo‘lishdan iborat.


Oybek Muhammadiyev,
O‘zbekiston agro axborot innovatsiya markazi direktori o‘rinbosari