Xotin-qizlar faollari tajriba almashdi
Andijonda mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, oilalar, oila bilan bog‘liq milliy qadriyat va an’analarni mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, bu boradagi muammolarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tuman, shahar hokimlarining o‘rinbosarlari, Oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari, bo‘lim mutaxassislari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining xotin-qizlar faollari qatnashgan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, oilalarni mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish borasidagi ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
[gallery-9715]
Andijon shahrida tashkil etilgan dastlabki seminarga Andijon shahri, Andijon va Asaka tumani xotin-qizlar faollari qamrab olindi. Seminar ishida O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari N. Egamberdiyeva, Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i G.Abdullayeva, Oila va xotin-qizlar ilmiy tadqiqot instituti ilmiy xodimi J.Rustamov qatnashib, mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirdi.
– Seminar davomida faoliyatimiz bilan bog‘liq muayyan bilimlarga ega bo‘ldik, ilg‘or ish uslublari, tajribalarni o‘rgandik, – deydi Andijon tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zamiraxon Abdurahmonova. – Bu albatta, kelgusidagi ishlarimizni yanada samarali tashkil etishga yaqindan yordam beradi.
Savol-javob, muloqotlar tarzida o‘tgan seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Bu kabi seminarlar Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA