Xotin-qizlar bandligini ta’minlash yo‘lida
Bugun jamiyatimizda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga har qachongidanda ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada Qashqadaryo viloyati Koson tumanida amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tiborga molik. Xususan, yaqindagina tumanda xotin-qizlar kasanachilik o‘quv markazi tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshladi. Ta’kidlash lozimki, tumanda Davlat rahbarining Qashqadaryoga tashrifi mobaynida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida 3 ta maskanda - Koson pedagogika kolleji, 3-sonli kasb-hunar maktabi va “Ko‘ng‘irtog‘” texnikumida xotin-qizlarning kasanachilik o‘quv-markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markazlarda o‘quvlar sakkizta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilmoqda.

– Koson tumanida 2021-2022 yillarda 10 ming 620 nafar xotin-qizni “Ayollar daftari” ga olgan bo‘lsak, ularga olti toifa asosida tibbiy, psixologik, huquqiy va moddiy yordam berish bilan bir qatorda, ularning ish bilan bandligini ta’minlash maqsadida 4 ming 232 nafar xotin-qizga subsidiya va imtiyozli kredit asosida turli asbob-uskunalar olib berildi, –deydi Koson tumani hokimi o‘rinbosari N.Qodirova. – Davlatimiz rahbarining kasanachilik yo‘nalishi bo‘yicha qabul qilgan yangi qarori asosida tadbirkorlik subektlariga berilgan keng imkoniyatlar tadbirkorlar bilan xotin-qizlarni bir-biriga bog‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Masalan, ayni paytda markazlarda sakkiz yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar sirlarini o‘rgangan ayollarimiz bevosita mahallalarda tashkil etiladigan xotin-qizlarni ish bilan bandligini ta’minlash markazlarida mahallalardagi ishsiz ayollarga o‘zining o‘rgangan hunarlarini, lider tadbirkorlar talablarini o‘rgatadi. Ular esa xonadonlarida o‘z faoliyatlarini davom ettiradi.

O‘lmas Barotov, O‘zA.