Xotin-qizlar bandligi taʼminlanmoqda
Hozir tadbirkor kichik korxonasida qoʻshni ayollar va qizlarni ish bilan taʼminlagan. Shulardan 3 nafari kasb-hunar kollejini tamomlab, ishsiz yurgan yoshlar edi.
Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi doirasida xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “ustoz-shogird” anʼanalari asosida hunarmandchilikni targʻib etish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, pillachilik sohasida kasanachilikni kengaytirish borasida Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida yangi loyihalar asosida ish oʻrinlari yaratilmoqda.
Jumladan, tumanning “Nurafshon” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Dilfuza Obidova mart oyida “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida 30 million soʻm kredit olib, tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Hozir tadbirkor kichik korxonasida qoʻshni ayollar va qizlarni ish bilan taʼminlagan. Shulardan 3 nafari kasb-hunar kollejini tamomlab, ishsiz yurgan yoshlar edi.
Tikuv sexida oʻtgan oylar davomida karantin sharoitida eng koʻp foydalanilgan tibbiy kombinzon va niqoblar ishlab chiqarildi. Hozirgi kunda esa aholi talabidan kelib chiqib, bolalar va kattalar uchun yozgi kiyimlar ishlab chiqarilmoqda.
– Yoshligimda tikuv sexlarida tikuvchi boʻlib ishlaganman, – deydi D.Obidova. – Sohada kattaroq loyihaga qoʻl urishni, tadbirkorlik faoliyatimni tashkil etishni anchadan buyon orzu qilardim. Shu maqsad yoʻlida tinmay malaka oshirdim. Yurtimizda tadbirkorlik, ayniqsa xotin-qizlar tadbirkorligi yoʻlida yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, oʻz faoliyatimni yoʻlga qoʻydim. Ayni paytda ishchilarga oylik ish haqlarini ishbay tarzda toʻlayapman. Mahsulotlarni ichki bozorga sotayapmiz.
Tadbirkorning taʼkidlashicha, kelgusida korxona faoliyatini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulotlarni xorijga eksport qilish rejalashtirilmoqda.