Xorijiy tajriba samarasi nimada ko‘rinadi?
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, farmasevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlarda 95 ta 210 million dollarlik istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, farmasevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlarda 95 ta 210 million dollarlik istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida Farg‘ona viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir.
O‘tgan qisqa vaqt ichida “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida xorijiy investorlar va tadbirkorlarni jalb etish borasida salmoqli ishlar bajarildi. Iqtisodiy hududda biznes yuritish uchun barcha sharoit va imtiyozlar yaratib berilmoqda.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining umumiy maydoni 709 gektar. Birinchi hududda faoliyat ko‘rsatib turgan tadbirkorlik sub’ektlari, sanoat korxonalari joylashgan bo‘lsa, ikkinchi hudud bo‘sh turgan dasht yer-maydonlaridan iborat. Uchinchi hudud Qo‘qon shahri ichidagi mexanika hamda superfosfat zavodlari singari 4 korxona maydonida joylashgan.
O‘tgan yilda o‘z ichiga ikkita, ya’ni «A» va «V» zonalarini birlashtirgan 110/10 kVli «Qo‘qon EIZ» podstansiyasi ishga tushirildi. Mazkur podstansiya tadbirkorlarni uzluksiz hamda sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori Farruh Rahmonovning aytishicha, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirligi, Angliya, Turkiya va Singapur davlatlarining ishbilarmonlari bilan hamkorlikda 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Birgina o‘tgan yilda 32 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, 13,8 million dollar hajmida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalari jalb etilgan. Ishga tushirilgan korxonalar tomonidan 795,3 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. 8,9 million dollar hajmida mahsulot eksport qilinishiga erishildi. Shuningdek, bu yerda Turkiyaning “Gebze” sanoat zonasining tajribasini joriy qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan “Beton-plita” mas’uliyati cheklangan jamiyatining “Pipitto” korxonasi iste’mol bozorida talab yuqori bo‘lgan bolalar tagliklari va ayollar gigienik vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tadbirkor tomonidan 700 ming AQSh dollari miqdoridagi boshlang‘ich ulush va 1,3 million dollar kredit mablag‘i jalb etilishi hisobiga 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Loyiha tashabbuskori tomonidan 2,3 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ sarflanib, gipsokarton va qurilish gipsi ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Yaypan agro invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 100 ta muqim ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
– Bugun yurtimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari avjida, – deydi “Yaypan agro invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nurilloxon G‘ulomov. – Shu bois qurilish materiallariga bo‘lgan ehtiyoj juda katta. Korxonamizda yaqin istiqbolda bozor talabi va ehtiyojidan kelib chiqqan holda sifatli qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish ko‘zda tutilgan.
2020-2022 yillarda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, iqtisodiy hududda ham yirik loyihalar ishga tushirilishi belgilangan. Xususan, «Shaffof omadli sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan elektromobil ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi. Uni tashkil etish muddati 2022 yilning 1 oktyabr kuni etib belgilandi. Zavod yiliga 2 ming dona elektromobil ishlab chiqaradi. Loyihaning umumiy qiymati 40 million dollar bo‘lib, 24 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir.