Xorijdan pul o‘tkazmalari 3,8 milliard dollarga yetdi
Iqtisodiyotdagi yuqori faollik O‘zbekiston mehnat bozorida ham ijobiy natijalarni ta’minlamoqda. Markaziy bankning 2026-yil birinchi choragi bo‘yicha Mehnat bozori sharhiga ko‘ra, mamlakatda bo‘sh ish o‘rinlari va bandlik ko‘rsatkichlari oshib, ishsizlik darajasi pasaygan. Shu bilan birga, ish haqlari o‘sishi saqlanib qolgan, xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari esa 3,8 milliard AQSH dollariga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga ko‘paygan.
Markaziy bank mutaxassislari mehnat unumdorligi o‘sish sur’atlarining sekinlashishi iqtisodiy o‘sishda bandlik va investitsiyalar kabi ekstensiv omillarning ahamiyati oshib borayotganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, real ish haqining mehnat unumdorligiga nisbatan tezroq o‘sishi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar hali ham saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Sharhda tashqi mehnat migratsiyasi va pul o‘tkazmalari dinamikasiga ham alohida o‘rin berilgan. Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 milliard AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshdi.
Ushbu ko‘rsatkich mehnat migrantlari daromadlari barqaror saqlanayotganini, shuningdek tashqi pul o‘tkazmalari aholi daromadlarini qo‘llab-quvvatlash va ichki iste’molni rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lib qolayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi geografiyasi ham kengayib bormoqda. Xususan, Turkiya va Janubiy Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni izchil oshib borayotgani mehnat bozorida diversifikatsiya jarayonlari kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA