Xorijda yetishtirilgan go‘sht dasturxonimizga qanday qilib arzon narxda yetib keladi?
Chorvachilik xalqimiz ro‘zg‘orning barakasi, dasturxonimiz to‘kinligining asosi sanaladi. Keyingi yillarda yurtimizda go‘sht va sut mahsulotlarini ko‘paytirish, bozorlarda narx-navoni barqaror ushlab turish uchun tizimli ishlar qilinmoqda.
Chorvachilik klasterlari tashkil etilib, chetdan zotdor mollar olib kelinyapti va bu o‘z natijasini bermoqda. Biroq, aholi soni yil sayin ko‘payib borayotgan bir paytda, iqlim o‘zgarishi, suv yetishmovchiligi va yaylovlarning kamayishi yem-xashak yetishtirishni qiyinlashayotgani ham haqiqat. Bu esa bozorlarimizni arzon go‘sht bilan ta’minlash uchun an’anaviy yo‘llardan tashqari, yangi va uzoqni ko‘zlagan yechimlarni izlashni talab qilmoqda.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Faxriddin Boboyev boshchiligidagi ishchi guruh Tataristonga safar qildi. Bu tashrifni ana shunday amaliy va yangicha yechimlardan biri sifatida ko‘rish mumkin. Safar chog‘ida Tatariston Bosh vazirining o‘rinbosari — Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Marat Zyabbarov bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Bu muloqot ikki davlat chorvadorlari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Unda o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida Tatariston hududida yirik qoramolchilik komplekslarini tashkil etish, yurtimizga go‘sht yo‘nalishidagi mollarni olib kelishni ko‘paytirish hamda sut beradigan nasldor sigirlarni parvarishlashda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Bu kabi tashriflar zamirida juda oddiy va xalqona iqtisodiy hisob-kitob yotibdi. Tataristonda tabiiy sharoit chorvachilik uchun juda qulay. Yaylovlar keng, suv mo‘l. Eng asosiysi, u yerda chorva uchun yem-xashak, don va silos yetishtirish ancha arzonga tushadi. Yem arzon bo‘ldi degani esa u yerda boqiladigan molning, demakki, go‘shtning tannarxi ham past bo‘ladi deganidir. O‘zbek tadbirkorlari o‘zlari xorijda yetishtirgan ushbu go‘sht va sut mahsulotlarini hech qanday vositachilarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston bozorlariga olib kelishi mumkin. Bu kabi chora tadbirlar yurtimizdagi go‘sht narxiga ma’lum darajada ta’sir qiladi.

Bu muloqotning yana bir muhim tomoni shuki, unda tajriba almashiladi. Mutaxassislarimiz Tataristonning yirik chorvachilik komplekslarini boshqarish, zotdor mollarni to‘g‘ri parvarishlash, sifatli ozuqa bazasini yaratish va sut ishlab chiqarishni ko‘paytirish tajribasini joyida o‘rganishadi. Ayniqsa, u yerda sohani raqamlashtirish, ya’ni “aqlli ferma” tizimlari va avtomatlashtirilgan uskunalardan foydalanish jihatlar katta ahamiyatga ega.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri