Xorijda ishlash uchun nima qilish kerak?
Nukusda Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolarini xorijga qonuniy ishga yoʻnaltirish boʻyicha mehnat yarmarkasi boʻlib oʻtdi.
Nukusda Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolarini xorijga qonuniy ishga yoʻnaltirish boʻyicha mehnat yarmarkasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyev, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi B.Tursunov va boshqalar fuqarolarni xorijga qonuniy ishga yoʻnaltirish, ularni huquqiy himoya qilish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mavjud imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek soʻnggi yillarda mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga joʻnab ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami koʻrsatish va moddiy qoʻllab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2018-yilda Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi tashkil etildi.
Bugungi kunda oʻzbekistonlik mehnat migrantlari asosan Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaman, AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlarida qurilish, transport xizmatlari, kommunal xizmat, savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat, qishloq xoʻjaligi, uy xoʻjaligi, tibbiyot kabi sohalarda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya, Polsha, Turkiya, Latviya, BAA, Bolgariya, Qozogʻiston, Kuvayt davlatlarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan tartibda mehnat faoliyati bilan taʼminlash bilan shugʻullanuvchi 60 ish beruvchi va rekruting agentligi bilan aniq kelishuvlar mavjud. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan Rossiya, Turkiya, Bolgariya, Latviya, Litva, BAA, Polsha, Yaponiya, Belarus, Estoniya, Xorvatiya, Qozogʻiston, Ukraina, Chexiya, Buyuk Britaniya, Portugaliya, Gretsiya, Germaniya, Qatar, Oʻmon, AQSHdagi 170 dan ortiq ish beruvchi bilan ishga joylashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarning tashqi mehnat bozoridagi ehtiyojlarini doimiy oʻrganib bormoqda.
Mehnat yarmarkasida Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Turkiya, BAA, Hindiston, Ukraina, Bolgariya, Litva, Latviya, Yaponiya va Vengriya kabi davlatlardan 70 dan ortiq ish beruvchining qurilish, uy xoʻjaligi, yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlari, mebel ishlab chiqarish, baliqchilik, parrandachilik, mehmonxona biznesi, tibbiyot hamda xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarishning boshqa yoʻnalishlaridagi 10 mingga yaqin boʻsh ish oʻrni taqdim etildi. Shundan xorijda ishlash istagida boʻlgan ming nafardan ortiq fuqaro bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi.
– Bunday yarmarkalarning oʻtkazilishi, ayniqsa biz, yoshlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi talaba Bahodir Masharipov. – Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi tashkil etilgani esa bu boradagi har qanday muammoning oldini olishga xizmat qiladi.

Shu kunning oʻzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida davlat organlari va boshqa tashkilotlar masʼul xodimlari ishtirokida seminar-trening tashkil etilib, tartibli va xavfsiz tashqi mehnat migratsiyasi sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash masalalari departamenti mudiri K.Rashidov, Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.Muhitdinov Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari uchun “Xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqarolarga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi va uning afzalliklari” mavzusida ochiq dars oʻtkazdi.
Ellikqalʼa qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejida tashkil etilgan xorijga ishga ketayotgan fuqarolarni kasbga yoʻnaltirish markazi faoliyati bilan tanishildi.
