Xorij safari samarali yakunlandi
Joriy yilning 23-31 avgust kunlari “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jamol Fayzullayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘ldi.


Korxona axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tashrif davomida Xitoy Xalq Respublikasi Atom energetikasi agentligi hamda Energetika boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, jumladan, 2024 yilning yanvar oyida Davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasining uran yo‘nalishi bo‘yicha yirik korporatsiyalari o‘rtasida imzolangan kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi.
Tashrif davomida “Navoiyuran” DKning mutaxassislari China National Uranium Corporation (CNNC) korporatsiyasi tarkibidagi “BRICEM CNUC” (geologiya) va “BRIUG CNUC” (texnologiya) ilmiy markazlariga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda tatbiq etilgan texnologiyalar bilan tanishdi.

Xorijiy safar davomida CNNC korporatsiyasi tarkibidagi uran mahsulotini konversiya qilish va boyitish, atom elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i ishlab chiqarish majmualari faoliyati hamda korporatsiyada qo‘llanilayotgan yangi innovatsion texnologiyalar bilan ham tanishildi. Shuningdek, korporatsiya rahbariyati bilan ushbu texnologiyalarni respublikamizda joriy qilish orqali qo‘shimcha qiymatli mahsulot yaratish borasida muzokaralar olib borildi.

Xizmat safari yakunida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “Navoiyuran” DK, CNNC korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi CNUC kompaniyasi bilan respublikamizning istiqbolli hududlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha uch tomonlama kelishuv hamda uran va boshqa foydali elementlarni qidirish, ajratib olish bo‘yicha Innovatsion ilmiy-texnologik markazni yaratish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Joriy yilning sentyabr oyida CNNC korporatsiyasi vakillarining O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurishiga kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri