Xorazmda yashirib qo‘yilgan ikki bola onasiga qaytarildi
Majburiy ijro byurosining Urganch tumani bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan sud hujjasining ijrosi ta’minlanib, ikki nafar voyaga yetmagan farzand onasiga qaytarildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining 2025-yil 18-avgustdagi ijro varaqasiga asosan, javobgar A.M. tarbiyasida bo‘lgan ikki nafar voyaga yetmagan farzandni onasi Yu.Z. tarbiyasiga olib berish belgilangan.
Sud hujjatini ijro etish doirasida davlat ijrochisi tomonidan javobgarga farzandlarini onasiga ixtiyoriy ravishda topshirish zarurligi bir necha bor tushuntirilib, tegishli tartibda ogohlantirilgan. Biroq u farzandlarini onasiga topshirishdan bosh tortib, ularni turli joylarga yashirgan.
Shundan so‘ng Majburiy ijro byurosi boshqarmasining Qidiruv sho‘’basi xodimlari Urganch tumani bo‘limi davlat ijrochisi U. Bekchanov bilan hamkorlikda qidiruv va ijro harakatlarini amalga oshirdi.
O‘tkazilgan chora-tadbirlar natijasida 10 yoshli qizaloq qishloqdagi yaqin qarindoshining uyidan, 7 yoshli bola esa chekka hududda joylashgan chorva fermasidan topildi.
Ikki nafar voyaga yetmagan farzand belgilangan tartibda onasiga topshirilib, sud hujjasining ijrosi ta’minlandi.
Mazkur holat sud hujjatlarini o‘z vaqtida va to‘liq ijro etish, ayniqsa, voyaga yetmagan bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Hamroz Bayonov, O‘zA