Xorazmda mustaqillik shukuhi
Xorazm viloyatida Mustaqilligimizning 33 yilligi keng nishonlandi. Urganch shahridagi “Avesto” bog‘ majmuasida bayram munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda viloyatning barcha hududlaridan taklif etilgan davlat, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan buxoroliklar, mehnat faxriylari, harbiylar, faol yoshlar ishtirok etdi.
Bayram dasturlarini tomosha qilish niyatida xorazmliklar dastlab pavilonlardagi yoshlar tomonidan yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan tanishdi.
Tantanali tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov so‘zga chiqib voha ahlini bayram bilan tabrikladi. Yurtimiz ravnaqi va xalqimiz baxti, saodati yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, uning samaralarini ta’kidladi.
[gallery-19062]
El sevgan taniqli san’atkorlar, bolajonlarning havaskorlik jamoalari, vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning merosi, so‘nmas jasorati sahnalashtirilgan chiqishlar orqali ifoda etildi.
Ayniqsa, bir-biridan go‘zal kuy va qo‘shiqlar ijrosi tadbir ishtirokchilarini raqsga chorladi. Xorazm viloyatining shahar, tumanlari, mahallalari bo‘ylab bayram shodiyonalari davom etmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov, O‘zA.