Xorazmda ichkilik va bangilikni taqiqlagan xon
Vatanimiz tarixidagi 28 iyul sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni
1425 yil (bundan 596 yil oldin) – hijriy 828 yil ramazon oyining o‘n ikkinchi kunida (milodiy 1425 yil 28 iyulda) ellik yoshli tarixchi olim Fasih Ahmad Xavofiy temuriylar hukmdori Shohrux Mirzoning insonparvar, adolatpesha, ilm va adab ahliga muruvvatli o‘g‘li Boysung‘ur Mirzoning suyurg‘ol boshqarmasiga devon lavozimiga tayinlandi.
1681 yil (bundan 340 yil oldin) – ashtarxoniylar sulolasidan bo‘lgan Buxoro xoni Abdulazizxon Buxoroni tark etdi va oilasi, yaqin kishilari bilan birga haj safariga chiqdi. Makka va Madina shaharlariga yo‘l olgan Abdulazizxonning karvonida 30 mingdan ortiq kishi hajga otlangan bo‘lib, ular orasida Buxoroning bosh qozisi Lutfullo qozi ham bo‘lgan.
Abdulazizxon 1645 yili otasidan Buxoro taxtini tortib olgan, 1681 yilga kelib esa taxtni ukasi Subhonquli sultonga topshirgan edi. U o‘z hukmronligi davrida markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qildi, mamlakat obodonchiligiga birmuncha hissa qo‘shdi. Sobiq xon haj ziyoratiga erishgach, Makkada vafot etgan.
1806 yil (bundan 215 yil oldin) – hijriy 1221 yil jumodulavval oyining o‘n ikkinchi kuni (milodiy 1806 yil 28 iyulda) Muhammad Rahimxon I akasi Eltuzarxon vafotidan keyin Xiva xonligi taxtiga o‘tirdi. Mazkur voqea Munis va Ogahiyning «Firdavs ul-iqbol» («Baxtu saodat jannati») asarida quyidagicha qayd etilgan:
«Mohi mazkurning o‘n ikkilanji kunikim, yakshanba erdi, sultoni sohibqiron va xoqoni garduntavon Abulg‘ozi Muhammadrahim Bahodirxon madallohu ayyoma saltanatihi va rafa’a a’loma ma’dilatihi Abulg‘ozixon Chingiziynikim, xoni jannatmakon Eltuzar Muhammad Bahodirxon saltanat mansabidin ma’zul etmish erdi, marohimi xusravona va inoyoti podshohonasig‘a maxsus tutub, dor as-saltana Xivaqg‘a kelturub, xon ko‘tardi».
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Muhammad Rahimxon I Xiva xonligini birlashtirishda ijobiy natijalarga erishgan, bir qancha siyosiy, iqtisodiy, ma’muriy islohotlar o‘tkazgan. U arab, fors tillarini bilgan. Ilm ahliga homiylik qilgan. Olim, shoir va donishmandlar bilan suhbatlar o‘tkazib turgan. Uning davrida ichkilik va bangilik taqiqlangan.
1935 yil (bundan 86 yil oldin) – Toshkent viloyatidagi Oqqo‘rg‘on; Namangan viloyatidagi Uchqo‘rg‘on va Uychi tumanlari tashkil etildi.
1999 yil (bundan 22 yil oldin) – Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida «6+2» guruhining Toshkent uchrashuvi yakunlari muhokama qilindi. Toshkent Deklaratsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyaning rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentininig «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi.