Xorazmda devorbop gulqogʻozlar ishlab chiqarish hajmi ortadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 30-dekabrda parlament palatalari rahbarlari, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan uchrashib, yil yakunlarini sarhisob qildi va 2020-yildagi muhim vazifalarni belgilab berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 30-dekabrda parlament palatalari rahbarlari, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan uchrashib, yil yakunlarini sarhisob qildi va 2020-yildagi muhim vazifalarni belgilab berdi.
Yigʻilishda, xususan, qurilish-pudrat va loyiha bozorini tartibga solish, bu bozorda erkin raqobat muhitini va zamonaviy shaharsozlik meʼyorlarini joriy etish, qurilishni arzonlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Xorazm viloyatida bugungi kunda qurilish sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 420 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Oʻtgan 2019-yilda jami 188,4 milliard soʻmlik investitsiya oʻzlashtirish hisobiga 51 ta loyiha ishga tushirilib, 375 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Viloyatda qurilish materillari ishlab chiqarish loyihalarining amalga oshirilishi hisobiga 42,1 milliard soʻmlik ishlab chiqarish quvvatlari tashkil qilindi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 2019-yilda 98 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishi hamda 4 million 900 ming dollar miqdorda valyuta iqtisod qilinishiga erishilgan.
Yangi ishga tushgan “New Best Style” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining nufuzi ortishiga xizmat qildi. Hozirda ushbu korxonada turli oʻlchamdagi gulqogʻozlar ishlab chiqarilmoqda. Korxonaning gulqogʻoz ishlab chiqarish yillik quvvati 700 ming rulonni tashkil etadi.
Korxona bosqichma-bosqich ishlab chiqarish quvvatini oshirib boradi. Xususan, 2020-yili umumiy qiymati 6 milliard 830 million soʻmlik boʻlgan 490 ming rulon mahsulot tayyorlansa, shundan 147 ming ruloni eksport qilinadi. 2021-yilda 560 ming rulon gulqogʻoz ishlab chiqarish koʻzda tutilgan boʻlib, 168 ming rulon tayyor mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan. Korxona energiya tejamkor, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.
– Xorazm viloyati iqtisodiyotiga jalb qilinadigan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni koʻpaytirish maqsadida Prezidentimizning “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi tashkil qilish boʻyicha qarori chiqqach, biz ham oʻz loyihalarimizni taklif qildik va dasturga kiritildik, – “New Best Style” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Mansur Bekjonov. – Korxonamizda ikki yil davomida qurilish ishlari davom etdi. Ishlab chiqargan mahsulotlarimizning 30 foizi, yaʼni 2 yarim million dollarlik hajmdagi gulqogʻozlar xorijga eksport qilinadi. Korxona texnik uskunalar Xitoy davlatidan keltirilgan.
Oʻrnatilgan uskunalar ayni damda eng zamonaviy uskunalar hisoblanadi va kuniga ikki yarim ming oʻramdagi gulqogʻoz ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilganligining yana bir muhim jihati yoshlarning bandligi taminlanganidir. Hozir korxonada 100 dan ortiq ishchi-xizmatchi ishlaydi va ularning koʻpchiligi mahalliy aholi oʻrtasida tanlab olingan.
Xalqaro bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot turlarini koʻpaytirishda mamlakatimizning turli hududlarida tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalarning alohida oʻrni bor.