Xorazm viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xorazm viloyatida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda yangi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Jasorat maktabi” loyihasining 3-mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi.
Mavsum davomida yoshlar turli yo‘nalishlarda o‘z bilim va qobiliyatlarini namoyon etib, faol ishtirok etdilar va loyiha yakunida faol ishtirok etgan yoshlarga sertifikatlar topshirildi.
***
Yangibozor tumanida limonchilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va oilaviy daromadlarni oshirishga qaratilgan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminar davomida limon yetishtirish, issiqxonalardan samarali foydalanish hamda limonchilik orqali barqaror daromad olish imkoniyatlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
***
Urganch tumanida “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida matematika va aniq fanlarga qiziqishi yuqori bo‘lgan o‘quvchilar ishtirokida saralash imtihonlari o‘tkazildi.

Sinovlarda o‘quvchilarning bilimi, mantiqiy fikrlashi, masalalarni mustaqil yechish ko‘nikmalari va intellektual salohiyati baholandi.
Mazkur loyiha yoshlarning ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish, aniq fanlarga qiziqishini oshirish va iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
***
Xiva shahridagi Guliston mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar murojaatlari yuzasidan shahar hokimi Temur Davletov aholi bilan uchrashdi.

Muloqot davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaat, taklif va muammolar tinglanib, ularning mazmuni joyida o‘rganildi. Xususan, ko‘p qavatli uylar va tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani yaxshilash hamda aholiga qulay sharoitlar yaratish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Bildirilgan har bir murojaat bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatilib, muammolarni manzilli o‘rganish va amaliy yechim choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
***

O‘zbek jang san’ati bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqasida xonqalik sportchilar muvaffaqiyatli qatnashishdi.

O‘smirlar va kattalar o‘rtasida o‘tgan bellashuvlarda Xonqa tuman sport maktabi jamoasi munosib ishtirok etib, 2 ta oltin, 4 ta kumush hamda 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
A.Shokirov,
O‘zA