Xonobodda yangi dehqon bozori ish boshladi
Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylanayotgan Xonobod shahri yurtimizning yildan yilga yuksalib borayotgan obod maskanlaridan biridir. Keyingi yillarda shaharda qurilish, obodonlashtirish borasida ulkan hajmdagi ishlar amalga oshirildi.
Ayniqsa, shahar va shahar atrofi yangicha qiyofa kasb etgani, ko‘chalar kengaytirilib, yangi-yangi savdo, xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining ishga tushirilgani aholining turmush farovonligi yuksalishiga, qolaversa, sayyohlar oqimining yanada ortishiga xizmat qilmoqda.
Xonobod shahrida ko‘p yillardan buyon qarovsiz holda yotgan yer maydonida yangi, zamonaviy, barcha qulayliklarga ega umumiy qiymati 5 milliard so‘mga teng loyiha doirasida markaziy dehqon bozorining barpo etilgani ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
[gallery-14125]
– Yangi dehqon bozori qurilib, ishga tushirilganligidan barcha xonobodliklar behad mamnun, – deydi mehnat faxriysi Usmonjon Xudoyberdiyev. – Ishonamanki, ushbu bozor nafaqat xonobodliklar, balki shahar mehmonlariga xizmat qiladigan gavjum maskanlardan biriga aylanadi. Bozorda go‘sht, sut, tuxum, umuman, barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hamda xo‘jalik mollari sotishga mo‘ljallangan alohida savdo rastalari mavjud. Shuningdek, bozor hududiga bir nechta bankomatlar o‘rnatilganligi, avtomobillar turargohi tashkil etilganligi ham aholiga katta qulaylik yaratadi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA