Xonjiza kon boshqarmasi 10 yoshda
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Xonjiza koni — yurtimiz ravnaqi yo‘lida” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Kombinat va Xonjiza kon boshqarmasi mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda kombinatga qarashli ushbu kon boshqarmasining faoliyati va o‘tgan davrda erishgan natijalar, kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Surxon vohasida joylashgan Xonjiza kon boshqarmasi bundan 10 yil avval, aniqrog‘i, 2011 yilning 6 may kuni “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tarkibida faoliyat boshlagan.
— “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatini oshirish, rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida Xonjiza va Uch-quloch polimetall rudalari mineral-xomashyo bazasidan samarali va kompleks foydalanishni ta’minlash borasida bundan 10 yil avval zarur choralar ko‘rilgan, — dedi Xonjiza kon boshqarmasi direktori Botir Xo‘jamurodov.
— “Olmaliq KMK” AJ tomonidan yiliga 650 ming tonna ruda ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan Xonjiza polimetall rudalari zaxirasi asosida boyitish fabrikasi qurilib, sanoat ishlab chiqarishni tashkil etish boshlandi. Bevosita kon tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, konning polimetall rudalarini o‘rganish borasida ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Jumladan, 1970-2002 yillar davomida bir qator institutlar tomonidan boyitish va boyitish texnologiyasini ishlab chiqish uchun ma’danlarni tadqiq qilish amalga oshirildi.
Uning umumiy zaxiralari 1,5 million tonna rux, 700 ming tonna qo‘rg‘oshin, 180 ming tonna mis va 2,3 ming tonna kumushni tashkil etishi aniqlangan. 2006 yilning avgust oyida ushbu polimetall konini tadqiq qilish huquqi “Olmaliq KMK” AJga topshirilgan. 2007 yilning ikkinchi yarmida kombinat tomonidan konni o‘zlashtirish ishlari boshlab yuborildi.
O‘tgan qisqa vaqt mobaynida dastlab kon boshqarmasiga xizmat qiluvchi avtomobil transport boshqarmasining 5-avtokorxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shundan so‘ng boyitish fabrikasi qad rostladi. Hozirgi kunda Xonjiza kon boshqarmasi Xonjiza shaxtasi, boyitish fabrikasi, ta’mir-qurilish uchastkasi, moddiy-texnik baza kabi tarkibiy bo‘linmalarga ega.
Ushbu kon boshqarmasining Xonjiza shaxtasida ruda qazib olish yillik loyiha quvvati 650 ming tonna, boyitish fabrikasining ishlab chiqarish quvvati soatiga 82,07 tonna, 1 kunlik quvvati esa 1850 tonnani tashkil etadi. Mazkur boyitish fabrikasida texnologik jarayon kombinatning boshqa boyitish fabrikalariga nisbatan birmuncha murakkab.

Sababi, bu yerda bir necha metallarning konsentratlari olinadi. Polimetall rudalarni qayta ishlash, ajratib olish texnologiyasi tubdan farq qiladi. Fabrikada yildan-yilga rudani qayta ishlash hajmi ortib bormoqda. Xususan, fabrika mehnat jamoasining sa’y-harakatlari evaziga oyiga 50-51 ming tonna polimetall ruda qayta ishlanmoqda.
Qayd etilganidek, Xonjiza konida 2021 yilning 4 oyi mobaynida 198 ming 70 tonna ruda qazib olindi. 198 ming 735 tonna ruda esa qayta ishlanib, bu boradagi reja 100,4 foizga uddalandi. 74,79 foiz rux, 54,69 foiz mis, 57,68 foiz qo‘rg‘oshin ajratib olinib, 39 ming 161 tonna rux, 7 ming 256 tonna mis va 14 ming 546 tonna qo‘rg‘oshin konsentratlari tayyorlandi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Xususan, kon mahsulotlarini eksport qilish jarayoni, ish o‘rinlarini kengaytirish, xodimlar uchun yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar, ularning salomatligi va xavfsizligini asrash borasida ko‘rilayotgan choralar haqidagi savollarga batafsil javob berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda “Olmaliq KMK” AJ tarkibiy bo‘linmalari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Xonjiza kon boshqarmasida 930 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning 149 nafari muhandis-texnik, 61 nafari xotin-qizlardan iborat. Jumladan, shaxtada 300 nafardan ortiq ishchi mehnat qiladi.
Ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasi va salomatligi doimiy nazoratga olingan. Xodimlar har kuni ish boshlashdan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ular mehnat formalari va oziq-ovqat bilan ta’minlangan. Shuningdek, kon xodimlariga bir yilda bir marta salomatligini tiklash va dam olish maqsadida sanatoriy va dam olish maskanlariga yo‘llanmalar taqdim etilib, uning 55 foizi boshqarma tomonidan to‘lab beriladi.
Xonjiza kon boshqarmasining hudud aholisini ish bilan ta’minlashdagi o‘rni alohida ahamiyatga ega. Jumladan, ishchi xodimlarning 80-90 foizi shu hudud aholisi hisoblanadi. Muhandis-texnik va boshqa tor mutaxassis kadrlar “Olmaliq KMK” AJdan jalb qilingan.
— Xonjiza kon boshqarmasi “Olmaliq KMK” AJ tarkibiy bo‘linmalari orasida alohida o‘rin tutadi, – dedi kombinat boshqaruvi raisining xodimlar bilan ishlash va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari v.b. Behzod Salimov. – Shu bois konning faoliyati samaradorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Boshqarma tarkibidagi mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish borasida muayyan choralar ko‘rilmoqda, imtiyozlar berilmoqda.
Jumladan, “Olmaliq KMK” AJ tizimidagi xodimlarning oliy ta’lim olishi uchun maxsus yo‘llanmalar berib boriladi. Masalan, 2019 yilda 114 nafar, 2020 yilda 98 nafar xodimga ana shunday yo‘llanma taqdim etildi. Bunda Xonjiza kon boshqarmasi xodimlari hissasiga yiliga 3-4 tadan yo‘llanma to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, konchilik sohasida ham raqamlashtirish ishlari tizimli amalga oshirib kelinayotgani bu borada zarur mutaxassislar tayyorlashni taqozo etadi. Raqamlashtirish masalalariga oid maxsus dastur ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, konlarni raqamli boshqarish jarayonida ishtirok etadigan mutaxassislar o‘qitiladi, malakasi oshiriladi, qayta tayyorlanadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA