Xonadonlarga quyosh panellari o‘rnatiladi
Buloqboshi tumanida “Yashil energiya”dan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, quyosh panellari o‘rnatish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Korxona, tashkilot, muassasalar vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, elekt energiyasi ta’minoti korxonasi mas’ullari ishtirok etgan seminarda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini, ijtimoiy soha ob’ektlarini, aholi xonadonlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, mavjud energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish, ayniqsa, muqobil energiya turlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchan energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Andijon viloyatida 1 ming 270 ta ijtimoiy soha ob’ektiga yiliga 13,9 mln. k/vatt-soat energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega 12,7 megovattli quyosh panellari o‘rnatish belgilangan.
[gallery-18743]
Ushbu qaror va boshqa qator loyihalar doirasida viloyatda hozirga qadar jami 10 ming 390 ta ob’ektga 45 ming 520 kVt-soat, shundan 8 ming 224 ta aholi xonadoniga 14 ming 90 kVt-soat, 480 ta tadbirkorlik sub’ektiga 15 ming 160 kVt-soat, 816 ta ijtimoiy soha va davlat idoralariga 16 ming 270 kVt-soat quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi.
Seminarda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhammadjon Nishonov, Buloqboshi tumani hokimi Furqat Bo‘taxonov so‘z olib, tumandagi tashkilot, korxona, muassasalar va aholi xonadonlariga, shuningdek, yirik ishlab chiqarish korxonalariga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi.
Seminarda mutaxassislar tomonidan mamlakatimizda yashil energiyadan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha aholi uchun qator imtiyozlar joriy etilganligi, ishlab chiqarish korxonalariga quyosh panellari o‘rnatishning afzalliklari xususida ishtirokchilarga ma’lumotlar berildi, mavzuga oid ko‘rgazmalar namoyish etildi.
Yakunda qator ijtimoiy soha ob’ektlariga, shuningdek, Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxat asosida tumanning turli mahallalaridagi 50 ta xonadonga ta’minotchi korxona tomonidan quyosh panellari o‘rnatish belgilab olindi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari