“Xonadon dori qutisi” nazoratdan o‘tkazilmoqda
Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida Hindistonning “Marion Biotech” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, “Quramax Medikal” MCHJ tomonidan keltirilgan “Dok-1 Maks”, “Ambronol” dori vositalari sabab yuzaga kelgan noxush holatlarning oldini olish maqsadida chora-tadbirlar belgilanib, targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tuman va shahar tibbiyot birlashmalarida shtab tashkil etilib tegishli mutasaddi tashkilotlar xodimlaridan iborat Ishchi guruhi tuzildi.
Aholini malakali xavfsiz tibbiy yordam va sifatli dori-darmon bilan ta’minlanganlik holatini nazorat qilish maqsadida tibbiy xodimlar tomonidan o‘ziga biriktirilgan barcha xonadonlarni to‘liq qamrab olgan holda patronaj ishlari amalga oshirilyapti.
Targ‘ibot tadbirlarida aholining dori vositalarini faqatgina shifokor retsepti asosida olishi, sifatsiz va muddati o‘tgan dori vositalarini qabul qilmaslik, shuningdek, dori vositalarining nojo‘ya ta’siri sezilganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilishlari zarurligi tushuntirilmoqda.
bugungi kunda “Xonadon dori qutisi”ni shaxsan nazoratdan o‘tkazish, muddati o‘tgan dorilarni saqlash qoidalari buzilgan hamda “QURAMAX” firmasining barcha dori vositalarini qabul qilmaslik va iste’moldan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Shu kunga qadar viloyat bo‘yicha 1746 nafar tibbiyot xodimi tomonidan 40 mingga yaqin xonadonda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Targ‘ibot-tashvifqot tadbirlari davomida xonadonlarda aniqlangan barcha "Dok-1 Maks" va "Ambranol" dori vositalari belgilangan tartibda yo‘q qilinmoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan dorixona egalari bilan birgalikda sifatsiz dori vositalari mavjudligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilib, sifatsiz dori vositalarining dorixonalarda realizatsiya qilinishini to‘xtatish, ularni muomaladan chiqarish va yo‘q qilish choralari ko‘rilmoqda.
Hududiy shtablarda kunlik amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar jamlanib, Sog‘liqni saqlash boshqarmasida tashkil etilgan viloyat shtabiga taqdim etilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA