Xo‘jasoatda Tog‘ay Murod xotirlandi
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanining Xo‘jasoat qishlog‘idagi Tog‘ay Murod mahalla markazida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Abdulla Qodiriy nomidagi davlat mukofoti sovrindori Tog‘ay Murod (Tog‘aymurod Mengnorov) tavalludining 77 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti, tuman hokimligi va yozuvchi ta’lim-tarbiya olgan 43-maktab hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Inson qadri aziz, xotirasi muqaddas“ deb nomlandi.

Tadbirda professor-o‘qituvchilar, adabiyotshunoslar, tuman hokimligi mutasaddilari, 43-maktab pedagoglari yozuvchining hayoti va ijodi haqida atroflicha fikr yuritdi. Tengdoshlari Tog‘ay Murodning yoshlik, bolalik davrlarini yodga oldi.

– Ta’lim muassasamizga tumandagi 20 ta maktab ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga ko‘maklashish uchun biriktirilgan, – deydi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rektori Oybek Ro‘ziyev. – Ularning har biri bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yaxshi yo‘lga qo‘yganmiz. Aynan Tog‘ay Murod tahsil olgan 43-maktabning institutimizga biriktirilganidan professor-o‘qituvchilarimiz va talabalarimiz o‘zgacha faxr hissini tuyadi. Tog‘ay Murod ajoyib yozuvchi. Shu davramizda ham uning asarini maroq bilan o‘qib, huzurlanmagan inson bo‘lmasa kerak. Men barcha qissalari va “Otamdan qolgan dalalar” romanini o‘qib chiqqanman. Nazarimda “Otamdan qolgan dalalar” asarida uch avlod vakillarining hayoti gavdalantirilgan. Asarni qayta-qayta o‘qisangiz ham sira zerikmaysiz. “Bu bizning hayotimiz, yozuvchi xuddi ko‘rib turgandek yozibdi-ya,” deya ajablanganlar qancha. Ha, Tog‘ay Murod ana shunday hayotni boricha ko‘rsata olgan yozuvchi edi. Biz Tog‘ay Murod bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Yozuvchining “Yulduzlar mangu yonadi”, “Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar”, “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” kabi asarlarida ham halol, oqko‘ngil, to‘g‘riso‘z, mard o‘zbek kishilarining betakror obrazlari yaratilgan. O‘zbek adabiyotining yutug‘i sifatida e’tirof etilgan bu asarlar tilining shoirona jozibadorligi, xarakterlarning yorqinligi, milliy ruhi kitobxonga o‘zgacha zavq ulashadi.

Tadbirda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Zavqiddin Suvonov Tog‘ay Murod markazi kutubxonasiga “Tog‘ay Murod nasrida obrazlar poetikasi” kitobini tuhfa qildi.

– Bugun mamlakatimiz poytaxtidan tortib, olis qishloqlardagi ta’lim muassasalarida ham Tog‘ay Murod tavalludining 77 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda, – deydi Zavqiddin Suvonov. – Shogirdlari, muxlislari yozuvchini xotirlab, haqqiga duo qilmoqda. Biz shunday ulug‘ ijodkorning hamyurti ekanimizdan g‘ururlanamiz. Uning asarlari o‘lmaydi, demak Tog‘ay Murod mangu yashaydi.

– Yaqin do‘stim va sinfdoshim Tog‘ay Murod bilan bir maktabda o‘qib, bolalik yillarimizni birga o‘tkazganimdan doimo faxrlanib yuraman, – deydi 43-maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Umbar Jalilov. – U barchadan ajralib turadigan, ko‘p xayol suradigan yigit edi. Do‘stimning “Men shu niyat yo‘lida (ijod yo‘lida) imorat solmadim, mashina olmadim, mansab egallamadim, shon-shuhrat qidirmadim, men dunyo talashmadim! Faqat izlandim, faqat o‘qidim...Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman” degan so‘zlarini tez-tez yodga olib turaman. U bolalikdan ana shunday buyuk rejani qo‘ygandi. Haqiqatan ham Tog‘ay Murod o‘zining o‘lmas asarlari bilan o‘zbek xalqiga haykal qo‘ya oldi.
Adabiy-badiiy kecha institut talabalari va maktab o‘quvchilari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan yakunlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri