Xo‘jaobod tumanida ixtisoslashgan maktab ochildi
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Xidirsha mahallasida matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi.
Maktab ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda umumta’lim maktablari uchun moslashtirilgan binolar qurish, maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur ish sharoitlari yaratish, o‘quvchilarning puxta bilim olishi, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.

“Zamonaviy maktab” loyihasi asosida joriy yil investitsiya dasturi doirasida matematika faniga ixtisoslashtirilgan 420 o‘rinli mazkur davlat umumta’lim maktabi “Sapfir sadaf servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi. Maktabda barcha qulayliklarga ega o‘quv xonalari, sport, faollar zallari, shuningdek, 100 o‘rinli oshxona qurildi, zamonaviy mebel va o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi.

Qurilish va jihozlash ishlari uchun 7 milliard 979 million so‘m byudjet mablag‘lari sarflandi. Zamonaviy qiyofaga va barcha qulayliklarga ega mazkur 74- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘quvchilar matematika fanini chuqur o‘rganish, puxta bilim olish imkoniga ega bo‘ldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA