Xodimlarga 2 milliard 748 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan ishchi-xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, inson qadrini ulug‘lashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, kengashga qilingan har bir murojaat ijobiy yechim topguniga qadar o‘rganiladi, amaliy yordam beriladi. Joriy yilning birinchi choragi davomida kengashga 90 ta turli shakldagi murojaatlar kelib tushdi. Ularning barchasi tegishliligi bo‘yicha qonuniy o‘rganildi.
— Fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonuniylikni ta’minlash, mehnat huquqlari buzilganligi holatlarini bartaraf etish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish kasaba uyushmalarining muhim vazifalaridan biriga kiradi, — dedi bosh yuristkonsult Avazxon To‘raxo‘jayev. — Shundan kelib chiqib, xodimlarning huquqlarini himoya qilishni ko‘zlab ish beruvchilarga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida 22 ta taqdimnoma va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 49 ta da’vo ariza kiritildi.
Natijada ishchi-xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ishdan noqonuniy bo‘shatilgan xodimlarning 2 milliard 748 million so‘mdan ziyod mablag‘i undirib berildi.
O‘zA