Xodim ustama haqini adliya yordamida oldi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanida joylashgan 1-son sport maktabi shifokori Norqo‘zi Norqulov maktab ma’muriyatidan 2025 yil yanvar–aprel oylari uchun belgilangan ustama pullarini ololmayotgani bois tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi. Murojaat ijobiy hal etilishi belgilandi.
Tuman adliyasi o‘tkazgan tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, Norqo‘zi Norqulovga belgilangan tartib asosida ustama haqlari hisoblangan bo‘lsa-da, amalda to‘lab berilmagan. Vazirlar Mahkamasining 211-son qaroriga muvofiq, sport maktablari xodimlariga yuqori sport natijalariga erishgan taqdirda har oylik ustama to‘lanishi belgilangan. Shuningdek, Mehnat kodeksining 244-moddasi xodimning bajargan mehnati uchun haq olmasdan qolmasligini kafolatlaydi.
Shundan so‘ng, tuman adliya bo‘limi fuqaroning qonuniy huquqlarini himoya qilish maqsadida Boyovut tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi.
Sud da’voni qanoatlantirib, xodim foydasiga 31 464 510 so‘m ish haqini undirdi. Shuningdek, maktab tomonidan davlat foydasiga 1 258 580 so‘mdan ortiq davlat boji to‘lanishi belgilandi.
Xovos tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Elyor Amanbayev bu holatga munosabat bildirib shunday dedi:
– Adliya organlari fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga mas’ul. Har bir xodim o‘z mehnati uchun belgilangan haqni to‘liq olishi kerak, sud qarori esa adolatga ishonchni mustahkamlaydi.
Shu tariqa, sport maktabi xodimi Norqo‘zi Norqulovning mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq huquqlari sud orqali tiklandi va manfaati himoya qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri