Xizmatlar ko‘rsatish sohasi yanada takomillashadi
Prezident tanqididan so‘ng
Prezidentimiz raisligida 2022 yil 7 iyun kuni xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan loyihalar va yil yakuniga qadar rejalar atroflicha muhokama qilindi.
2022 yilning 27 yanvarida davlatimiz rahbarining “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unga muvofiq, bu sohaga ko‘plab yengilliklar berildi va imtiyozli resurslar ajratildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda bu borada hududlarda bajarilgan ishlar tahlil qilinib, Prezidentimiz Jizzax viloyati bo‘yicha yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida 2 mingta ish o‘rinlari yaratilganligini qoniqarli deb bo‘lmasligi, bu past ko‘rsatkich ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, biz xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlarimizni qayta qo‘rib chiqib, yil yakuniga qadar aniq rejalarni belgilab oldik. Jumladan, Jizzax shahri va tumanlar hokimliklarining takliflariga asosan, har bir tuman (shahar) uchun alohida yondashuv asosida 2022 yilda 25 ming 700 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi, xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha hududiy dastur ishlab chiqildi. Endi har kunlik ishlarning muhokamasi izchillik bilan olib boriladi.
Jizzax shahri va tumanlardagi 17 ta markaziy ko‘chalarni yangicha yondashuv asosida maxsus savdo-xizmat ko‘rsatish ko‘chalariga aylantirish va ushbu ko‘chalarda joriy yilning sentyabr oyiga qadar 600 dan ziyod savdo-servis ob’ektlari tashkil etish orqali 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish doimiy e’tiborda.
Jumladan, Jizzax shahri “Jizzaxlik” mahallasidagi boshi berk, bir taraflama – qarovsiz “Istiqlol” ko‘chasi Sharof Rashidov ko‘chasiga ulandi va 3 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflab, 1,4 kilometr avtomobil yo‘li, piyodalar va bir kilometr uzunlikdagi velosiped yo‘laklari qurildi, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Bu respublikaga “Jizzax tajribasi” sifatida joriy qilindi. Xuddi shunday ko‘chalarni Jizzax shahrining o‘zida 3 taga yetkazamiz. Buning samarasida yana 800 nafar kishi ishli bo‘ladi.
Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 6 ming 410 ta (reja – 2948 ta) bo‘sh turgan yer uchastkalari aniqlanib 3 ming 600 ta yer maydoni mulk va ijara huquqi asosida auksion savdolariga chiqarilishi ta’minlandi. bugungi kunga qadar ushbu yerlarning 106 tasi auksion savdolari orqali 4 milliard 500 million so‘mga sotildi. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 10 ming 500 taga yetkazishni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz va bu borada barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yengil konstruksiyali ob’ektlarni joylashtirgan holda ko‘chma va yengil turdagi zamonaviy yangi savdo-servis ob’ektlari tashkil etish uchun yillik rejamiz 100 ta bo‘lgan bo‘lsa, endilikda 3 mingta yer maydoni “K-savdo” elektron platformasiga joylashtiriladi va tadbirkorlik sub’ektlariga sotiladi. Xalqaro yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish uchun 8,6 gektarlik 7 ta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqariladi.
Maxsus soliq rejimi joriy etiladigan Arnasoy, Zomin va Forish tumanlaridagi 7 ta turistik salohiyati yuqori bo‘lgan mahalla fuqarolar yig‘inlari turizm hududi sifatida belgilab olindi. Ushbu hududlarning infratuzilmasini rivojlantirish uchun 12 milliard 900 million so‘m mablag‘ hisob-kitob qilindi. Shuningdek, ushbu hududlarda turizm va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha loyiha qiymati 47 milliard so‘mlik 132 ta tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etiladi. 431 ta ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, jami 2 ming 127 ta xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilishi belgilab olindi.
Joriy yilning o‘tgan davrida jami sohalarda viloyatimiz bo‘yicha 10 mingtaga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bularning barchasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Lekin biz, bu bilan cheklanmoqchi emasmiz. Mamlakatimizda aholi farovonligi, bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan loyihalar tizimli davom etadi.
Prezidentimiz tomonidan viloyatdagi xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari borasida aytilgan tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, bundan buyon barcha ishlarimizni ana shunday xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymagan holda olib boramiz.
Abduvali Mustanov,
Jizzax viloyati hokimining moliya-
iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish
masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari
O‘zA