Xizmat ko‘rsatish serdaromad sohaga aylanmoqda
Butun dunyoda xizmat ko‘rsatish sohasi jadal rivojlanmoqda.
Mamlakatimizda ham xizmatlar ko‘rsatish hajmi va sifati yildan yilga yuksalmoqda. Bu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari safi kengayayotir.
Xizmat ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda tijorat banklari, xususan “O‘zmilliybank” AJ ning o‘rni katta. Buni “O‘zmilliybank” AJ Shahrisabz filiali faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Mazkur filial 1991 yil 7 sentyabrda tashkil topgan. Shahrisabz shahri aholisiga sifatli bank xizmatlarini taqdim etmoqda. Filial tomonidan ajratilgan kreditlar hisobidan Kitob, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanida katta maydonlarda intensiv bog‘lar, yirik sig‘imli zamonaviy muzlatgichlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari, umumiy ovqatlanish maskanlari tashkil etildi. Umumiy ma’noda oxirgi uch yilda viloyatda 47 ta jami 94 milliard 822 million so‘mlikdan ziyod yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari moliyalashtirildi.
Ta’kidlash lozimki, “O‘zmilliybank” AJ Shahrisabz filiali tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar natijasida viloyatda 772 dan ortiq fuqaro bandligi ta’minlangan.
[gallery-7110]
– Filialmizda jami 36 mingdan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatiladi, – deydi “O‘zmilliybank” AJ Shahrisabz filiali boshqaruvchisi Samandar Baynazarov. – Shundan 34,4 mingtasi jismoniy shaxslar va yana 2 mingdan ortig‘i yuridik shaxslar hisoblanadi. To‘lov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida joylarda 5 ta bankomat, 2 ta infokiosk, 255 ta savdo terminallari dislokatsiya qilingan. Bundan tashqari, aholiga valyuta amaliyotlarida qulayliklar yaratish maqsadida filial hududida 1 ta valyuta ayirboshlash shaxobchasi va 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi shaxobcha shaxar va tuman fuqarolariga hamda tashrif buyurgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Bank filialida zamonaviy innovatsion bank xizmatlari ko‘rsatilishiga alohida ahamiyat qaratilgan. Bank mijozlarining 21 foizi masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanmoqda. Bunda hisobraqamlarda bank aylanmalarini amalga oshirish, on-layn kredit rasmiylashtirish yoki kredit qarzdorligini qoplash, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda har qanday bank amaliyotlari hamda to‘lovlarni amalga oshirish, omonat rasmiylashtirish amaliyotlari, xorijiy valyutalarda konversion amaliyotlar, pul o‘tkazmalari kabi bank xizmatlaridan masofadan foydalanish mumkin.
Shahrisabz tumani asosan qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda bog‘dorchilikka ixtisoslashgan. Bog‘dorchilik va sabzavotchilik tumanning asosiy drayveriga aylangan. bugungi kunda viloyat Iqtisodiy ko‘rsatkichlarida xizmatlar sohasining ulushi ham jadal sur’atlarda oshib bormoqda. Mazkur yo‘nalishda tumanda 2 mingdan ziyod korxona aynan servis sohasida faoliyat olib boryapti.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA