Xiva shahrida O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumi o‘z ishini boshladi
Bugun, 29-sentabr kuni Xiva shahrida “Strategik sheriklik: parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, yangi vazifalar va hamkorlik istiqbollari” mavzusida to‘rtinchi O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston va Belarus parlamentlari palatalari rahbarlari va a’zolari, hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy vakillik organlari, oliy ta’lim muassasalari, yoshlar parlamentlari hamda biznes vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi ikki davlat o‘rtasida parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va sheriklik aloqalarini mustahkamlashdan iborat.

Forum doirasida ikki mamlakatning mahalliy vakillik organlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkaziladi.

Xiva shahrida O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining to‘rtinchi biznes-forumi ham tashkil etilib, unda sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar, mehnat salohiyatidan samarali foydalanish, agrosanoat majmuasidagi hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar, gumanitar va ijtimoiy sohalardagi sheriklik, shuningdek, turizm sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etiladi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston va Belarusning “Made in Uzbekistan” va “Made in Belarus” brendlari ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan.
Ikki kun davom etadigan forum yakunida Xiva deklaratsiyasini qabul qilish, shuningdek, tijorat shartnomalari va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda memorandumlarni imzolash va almashish rejalashtirilgan.
Norgul Abduraimova,
Bekzodbek Saidov (surat),
O‘zA