Xitoyning jozibador qishloqlari (+video)
Xitoyning Guychjou provinsiyasi, Guyyan shahri Xuasi tumanidagi so‘lim tabiatli hududda kichik, ammo o‘ziga xos qishloq – Lunszin joylashgan. Qishloq, avvalo, bui xalqi madaniyati, an’analari, milliy me’morchiligi va qishloq turizmini rivojlantirish borasidagi tajribasi bilan tanilgan. Aholining qariyb 98 foizini bui xalqi vakillari tashkil etadi. Shu bois bu yerda milliy urf-odatlar va an’anaviy turmush tarzi yaxshi saqlangan. Qishloq ko‘chalari bo‘ylab yurar ekansiz, an’anaviy turmush tarziga mos qurilgan uylar, kichik maydonlar, ko‘p yillik daraxtlarni ko‘rish mumkin. Bundan o‘n yilcha avval Lunszin Guychjoudagi boshqa ko‘plab qishloqlardan unchalik farq qilmas edi. Ammo qishloq turizmini rivojlantirish asta-sekin bu yerdagi hayot tarziga ham o‘zgarish kiritdi.
Qishloqqa sayyohlar kela boshladi, restoranlar, dam olish maskanlari, kichik mehmonxonalar va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari paydo bo‘ldi. Turizmning rivojlanishi mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratdi.
Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Lunszinga 230 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Turizmdan tushgan umumiy daromad esa qariyb 17 million yuan ya’ni 2,2 mln dollarni tashkil etgan.
Bu raqamlar Lunszinda madaniyat nafaqat ma’naviy meros, balki qishloq iqtisodiyotining muhim manbaiga aylanganini ko‘rsatadi.
Lunszin tajribasining qiziqarli tomoni shundaki, bu yerda qishloq turizmi faqat tabiat manzaralari asosida qurilmagan.
Turistik jozibaning asosini qishloqning o‘ziga xos madaniyati tashkil etadi.
Sayyoh bu yerga faqat uylarni tomosha qilish yoki suratga tushish uchun kelmaydi. U an’anaviy kiyimlar, xalq musiqasi, raqslar, milliy taomlar, hunarmandchilik va urf-odatlar bilan tanishish imkoniga ega.
2026-yilda Lunszinda «qishloqda dam olish va milliy bayramlar»ni birlashtirgan yangi turistik yo‘nalishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Maqsad sayyohlarni qishloqda qisqa muddat bo‘lish bilan cheklab qo‘ymaslik. Ularga mehmonxona va xonadonlarda yashash, mahalliy taomlarni tatib ko‘rish, madaniy tadbirlarda ishtirok etish, qishloq aholisining kundalik hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini berish ko‘zda tutilmoqda.
Shunday qilib, Lunszin qishloq madaniyatini mustaqil turistik mahsulotga aylantirishga intilmoqda.

Lunszinning Xuasi tumanida joylashgan Gaopo myao milliy volosti ham yirik sayyohlik markaziga aylandi.
Gaopo – Guyyan shahrining eng baland hududlaridan biri hisoblanadi. Uning o‘rtacha balandligi dengiz sathidan qariyb 1500 metr, eng baland Xuasi bo‘ylab sayohat sayyoh uchun juda qiziqarli taassurotlar beradi. Chunki nisbatan kichik hududning o‘zida turli etnik xalqlarning madaniyati, tabiiy landshaftlar va qishloq hududlarini rivojlantirishning turli modellari bilan tanishish mumkin.

Qishloq katta shaharga o‘xshashga intilmaydi. Aksincha, uning eng katta boyligi sun’iy ravishda yaratib bo‘lmaydigan tarixi, madaniyati, an’analari va odamlaridir.
Kechqurun qishloq maydonida musiqa yangrab, chiroqlar yoqilganda, milliy libosdagi aholi sahnaga chiqqanda bir haqiqat ayon bo‘ladi: Lunszin – shunchaki turistik qishloq emas.
Bu o‘tmish va bugun yonma-yon yashaydigan maskan.
<iframe width="1331" height="749" src="https://www.youtube.com/embed/Iv0db4xcY9Y" title="Xitoyning jozibador qishloqlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video, surat), O‘zA