Xitoydan turbina va generatorlar olib kelinmoqda
Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyati Tomdi tumanida quvvati 500 MVtli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
“Masdar” va Xitoyning “Goldwind” kompaniyalari o‘rtasida Navoiy viloyatining Tomdi tumanida qurilayotgan shamol elektr stansiyasi uchun 111 ta turbinani yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Shunga ko‘ra, Xitoyning Lanchjou shahridan O‘zbekistonda qurilayotgan shamol elektr stansiyasi uchun shamol generator va turbinalari maxsus transport vositalari orqali olib kelinmoqda.
Stansiya joriy yil yakunida ishga tushiriladi va u Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi hisoblanadi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, stansiya to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 1 milliard 800 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 540 million metr metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi va atmosferaga 720 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yirik loyiha Prezidentimizning 2020 yil 22 dekabrdagi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
O‘zA