Xitoyda “O‘zbekiston turizm yili” boshlandi
Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahrida “O‘zbekiston turizm yili”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir joriy yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq o‘tkazilyapti.


Marosimda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev, XXR Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Lu Yunchuang, BMT Turizm bosh kotibi Zurab Pololikashvili, “Trip.com”, “Alibaba Fliggy”, “CCT”, “CYTS” kabi yirik turoperatorlar va korporatsiyalar rahbarlari, “CCTV”, “CGTN”, “China Global” yetakchi media xoldinglari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
“O‘zbekiston turizm yili”ning ochilishi doirasida turizmga investitsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy forumi ham tashkil etildi, unda Xitoyning 200 dan ziyod sayyohlik biznesi vakillari istiqbolli infratuzilma loyihalari, xitoylik sayyohlar uchun yangi tur mahsulotlari va yo‘nalishlari bilan tanishishdi.


O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Shanxay, Guanchjou va Sian shaharlarida “O‘zbekistonga sayohat qil!” sayyohlik roud-shousida ishtirok etadi. Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha B2B uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 dekabr kuni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kungacha vizasiz rejim joriy etish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA