Xitoy sarmoyasi baliqchilikka yo‘naltirildi
Sirdaryo viloyatida Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda zamonaviy baliqchilik loyihasi amalga oshirilmoqda. Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida yo‘lga qo‘yilgan mazkur tashabbus viloyat hokimining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari davomida erishilgan investitsiyaviy kelishuvlarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Loyiha akvakultura sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash hamda baliqchilik tarmog‘ini innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda loyiha doirasida tashkil etilgan maxsus havzada 30 mingdan ortiq baliq parvarishlanmoqda. Parvarish jarayonida zamonaviy oziqlantirish tizimi, suv sifatini doimiy monitoring qilish va yuqori mahsuldorlikni ta’minlashga qaratilgan texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Bu esa sifatli baliq mahsulotlari yetishtirish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda sohada innovatsion yechimlarni keng joriy etish imkonini bermoqda.

Loyiha ta’lim muassasasi uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Talabalar ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishish, zamonaviy akvakultura texnologiyalarini amaliy jihatdan o‘zlashtirish va ilmiy izlanishlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

— Ushbu investitsiyaviy hamkorlik filialimiz faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Eng muhimi, loyiha ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishni yagona tizimda birlashtirib, nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xitoylik hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur tashabbus talabalarimiz uchun zamonaviy akvakultura texnologiyalarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida o‘rganish imkoniyatini yaratdi. Kelgusida loyihani yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish orqali hududda baliqchilik tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilganmiz. Bu kabi investitsiyalar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga ham munosib hissa qo‘shadi, — deydi Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali direktori Zafar Hakimov.

Mutaxassislarning fikricha, mazkur loyiha Sirdaryo viloyatida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirish va akvakultura sohasida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri