Xitoy bozoriga eltuvchi yo‘l
“Sinxua” axborot agentligi Xitoyning Xaynan provinsiyasi Xaykou shahrida bo‘lib o‘tgan “To‘rtinchi xalqaro iste’mol tovarlari ko‘rgazmasi”da O‘zbekiston mahsulotlari namoyish etilganini e’tirof etdi.
13-18-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan, hunarmandlik mahsulotlarimizni Chin bozoriga eksportini kengaytirish maqsadini ko‘zlagan mazkur tadbir davomida ko‘plab xorijiy ishbilarmonlar, importchilar O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirdi.

– Xitoylik iste’molchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilish imkoniyatidan mamnunmiz, – deydi mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan “Asia International Trading Co., Ltd” kompaniyasi menejeri. – Chin bozoriga eltuvchi darvozaning oltin kalitini topdik. O‘zbekistonlik ustalar tomonidan yaratilgan sopol idishlar, harir shoyi mahsulotlar, qo‘l mehnati ila sharqona naqshga yo‘g‘rilgan san’atimiz xitoylik do‘stlarimizni maftun etdi.

Hamyurtlarimiz fikricha, “To‘rtinchi Xitoy xalqaro iste’mol tovarlari ko‘rgazmasi” ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi barobarida, XXR iste’mol bozorining ulkan salohiyatini o‘rganish imkonini ham berdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA