Xitoy AQSH kompaniyalarini nishonga oldi
Xitoy AQSHning o‘nta yirik kompaniyasiga nisbatan yangi cheklov joriy qildi. Pekin bu qarorni Vashington tomonidan bir qator korporatsiyalar “harbiy tuzilmalar bilan aloqador” deya baholanib, maxsus ro‘yxatga kiritilgandan keyin qabul qildi. Mazkur chora asosan mudofaa, aviatsiya va strategik xom ashyo sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalarga taalluqli. Demak, ikki qudratli davlat o‘rtasidagi iqtisodiy raqobat yanada kuchaymoqda.
Endi xitoylik eksportyorlar mazkur kompaniyalarga ikki maqsadda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berolmaydi. Bunday mahsulotlar fuqarolik sohasida ham, harbiy maqsadda ham ishlatilishi mumkin. Shuningdek, Xitoy davlat idoralariga bir qator amerikalik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini xarid qilish ham taqiqlandi. Ular orasida qurol-yarog‘ va harbiy texnika ishlab chiqarish bilan tanilgan yirik korxonalar ham bor.
Mazkur qaror Donald Trampning Pekinga tashrifidan bir oy o‘tib qabul qilindi. O‘sha uchrashuvda Tramp va Si Szinpin iqtisodiy munosabatlardagi keskinlikni yumshatish masalalarini muhokama qilgan edi, biroq keyingi haftalarda texnologiyalar, sun’iy intellekt, harbiy sanoat va strategik resurslar atrofidagi bahslar yana avj oldi. Natijada tomonlar o‘rtasidagi ishonchni tiklash jarayoni yana murakkablashdi.
Tahlilchilar fikricha, bu qaror alohida kompaniyalarga qarshi qaratilgan emas. Shunchaki Vashington va Pekin o‘rtasidagi keng qamrovli iqtisodiy raqobatning navbatdagi ko‘rinishidir. Ayniqsa, noyob metallar va yuqori texnologiyalar sohasi kelajakdagi raqobatning asosiy maydoniga aylanmoqda. Noyob metallar – zamonaviy elektronika, akkumulyatorlar, raketa tizimlari va yuqori texnologiyali qurilmalar ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan strategik resurslardir. Shu sababli bu sohadagi har qanday cheklov jahon bozoriga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA