Xayrli tashabbus nazoratga olinishi kerak
Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan bundan uch-to‘rt yil oldin jamoat transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatadigan avtobekatlar faoliyatini zamonaviy mezonlar asosida tashkil etish maqsadida xayrli tashabbus amalga oshirildi.
Ezgu tashabbus viloyat markazi – Farg‘ona shahrida keng quloch yozdi. Ellikka yaqin foydalanilmay turgan yoki qarovsiz qolgan avtobekatlarda tadbirkorlar mablag‘lari hisobidan yengil konstruksiyali yangi inshootlar qad rostladi.
Bekatlar hududi tadbirkorlarga bepul berildi. Ushbu maskanlarda savdo yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etish, bepul internet xizmatini yo‘lga qo‘yish, yozda salqin, qishda issiq bo‘lishi uchun konditsioner o‘rnatish, yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar bo‘lishi shartligi belgilandi.
Dastlab barcha ishlar risoladagidek bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan ko‘p do‘konlar egalari savdosi yurmagani uchun faoliyatini to‘xtatdi. Ba’zi do‘konlar ijara asosida qo‘ldan-qo‘lga o‘tib kelayotgan bo‘lsa, ayrimlari mavsumiy faoliyat ko‘rsatadi.
[gallery-20125]
– Hozirgi kunda o‘ttizdan ko‘proq “aqlli bekat”lar bir maromda ishlamoqda, - deydi Farg‘ona shahri obodonlashtirish boshqarmasi xodimi Nodirbek Mamajonov. – Yigirmatacha bekatda bepul internet xizmati tashkil etilib, konditsioner o‘rnatilgan. Shu bilan birga ba’zi bekatlarda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish bo‘yicha belgilangan vazifalar to‘liq bajarilmagani ham haqiqat. Bu borada mavjud vaziyatni o‘rganish uchun tadbirkorlar bilan suhbatlashdik. Ular ko‘p hollarda yo‘lovchilar o‘rindiqlarni sindirib, buzib ketishayotganidan norozi bo‘ldi. Tabiiyki, bugungi kuchli raqobat sharoitida shundoq ham biznesi yaxshi yurishib ketmayotgan tadbirkorlar bunday ortiqcha xarajatdan aziyat chekmoqda.
Tadbirkorlar jamoat transporti qachon kelib-ketishini ko‘rsatib turuvchi monitorlar ham o‘rnatishgan edi. Ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ana shu monitorlar o‘g‘irlab ketilgan. Farg‘ona shahri markazidagi Sayilgoh, Universitet, Al-Farg‘oniy ko‘chalaridagi “aqlli bekat”larda o‘rnatilgan monitorlar o‘g‘irlangani bo‘yicha tadbirkorlar ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Ammo bu jinoyatlar ochilmay qolgan.
– Jamoat transportidan tez-tez foydalanaman, – deydi fuqaro Faridaxon Ro‘zimatova. – Ammo ba’zi bekatlarda yo‘lovchiga yaratilgan sharoit, tozalik talabga javob bermaydi. Alisher Navoiy ko‘chasidagi ana shunday bekatlarning ba’zilari mavsumiy ishlab, muzqaymoq, bir zumlik yeguliklar sotadi. Egalari almashib ketavergani bois ko‘pincha yopiq bo‘ladi. Yo‘lovchilar uchun ajratilgan xona esa qarovsiz, abgor holatda qolgan.
“Aqlli bekat”larda kim faoliyat ko‘rsatishidan qat’i nazar yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilishi kerak. Lekin shaharning eng gavjum maskanlarida joylashgan va yo‘lovchilarga zarur sharoitlar yaratish sharti bilan tadbirkorga nol qiymatda ishonib topshirilgan maskanlar faoliyati bugun kutilganidek emas.
Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur ishlar eng avvalo, jamoat transportining oraliq to‘xtash bekatlarida yo‘lovchilarga zamonaviy sharoitlarni hozirlashga qaratilgan edi. Afsuski, xayrli tashabbus to‘liq amalga oshmadi.
Bizni maqsadimiz kimnidir yomonlash emas, balki xayrli tashabbus ijrosi to‘liq ta’minlanishi hamda uning yechimiga yana bir bor mas’ullar e’tiborini qaratishdir.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA