Xavfsizlik madaniyati — har bir oila ehtiyoji
Fuqaro o‘z uyi, ish joyi, mahallasi va jamoat joylarida o‘zini xavfsiz his qilishi jamiyat barqarorligi va davlat taraqqiyotining muhim shartlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholiga xavflar haqida o‘z vaqtida axborot berish, qutqaruv xizmatlarining shayligini ta’minlash va har bir oilada oddiy xavfsizlik ko‘nikmalarini shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan.
Prezidentimizning 2025-yil 20-oktabrdagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi farmoni va uning ijrosini ta’minlashga qaratilgan “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim huquqiy asos vazifasini o‘tadi.
Bu bizdan faqat tuzilmaviy o‘zgarishlarni emas, xavfni oldindan ko‘rish, hududlar kesimida baholash va har bir qarorni inson manfaatiga bog‘lashni talab etadi. Fuqarolar xotirjamligi davlat siyosatining o‘zagidir. Bu tushuncha faqat favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan paytda tezkor yordam ko‘rsatish bilan cheklanmaydi. U xavfni oldindan aniqlash, ehtimoliy oqibatlarini baholash, profilaktik choralarni ko‘rish, aholi va hududlarni tayyorlash, erta ogohlantirish va favqulodda vaziyatdan keyin tiklash jarayonini yagona tizim sifatida qamrab oladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2026-yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha ma’lumotlari ham profilaktika va tizimli tayyorgarlikning ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi. Shu davrda respublika hududida 41 ta favqulodda vaziyat qayd etilgan.
Bu 2025-yilning mos davridagi 61 ta holatga nisbatan 33 foiz kamdir. Biroq, har bir raqam ortida inson taqdiri turgani sababli ijobiy dinamika xotirjamlikka emas, balki profilaktik ishlarni yanada kuchaytirishga undaydi. Aholi soni, shaharlar kengayishi, yangi turar joy massivlari va ishlab chiqarish hududlarining paydo bo‘lishi xavfsizlik tizimi oldiga yangi talablarni qo‘ymoqda. 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 38 million 382 ming 685 kishiga yetgan. Shundan 19,6 millioni shaharlarda, 18,8 millioni qishloq joylarda istiqomat qiladi. Demak, xavfsizlik siyosati faqat yirik shaharlar bilan cheklanmay, har bir tuman, qishloq va mahallaning o‘ziga xos xavflarini hisobga olishi zarur.
Favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda aholi, birinchi navbatda, tezkor va ishonchli yordamni kutadi. Ammo haqiqiy natija hodisa sodir bo‘lganidan keyin emas, undan ancha oldin boshlanadi. Xavfli ob’ektlarni o‘rganish, profilaktik nazorat, binolar va kommunikatsiyalar holatini baholash, aholini ogohlantirish va qutqaruv kuchlarining tayyorgarligi — inson hayotini asrashga xizmat qiladigan yagona zanjir. Shu ma’noda, xavfsizlikni ta’minlash bir tashkilotga xos vazifagina emas, balki davlat boshqaruvi, hududiy rivojlanish va jamiyat hayotining ajralmas qismi.
Qurilish rejalari, transport infratuzilmasi, sanoat ob’ektlarining joylashuvi, suv ob’ektlaridan foydalanish, energetika tarmoqlari va aholi punktlarining rivojlanishi xavfsizlik mezonlari bilan uyg‘un bo‘lishi lozim.
Profilaktika — eng samarali chora
Xavfsizlik sohasidagi natijani baholashda raqamlar muhim. Biroq, ular o‘z-o‘zicha maqsad emas. Raqamlar qaysi yo‘nalishda ijobiy o‘zgarish borligini, qaysi hudud yoki sohada qo‘shimcha choralar talab etilishini ko‘rsatuvchi vositadir. Yuqorida qayd etganimizdek, 2026-yilning 9 oyida respublikada 41 ta favqulodda vaziyat qayd etilgan. Ularning 36,6 foizi yo‘l-transport hodisalari, 19,5 foizi yong‘in, 12,2 foizi turar joy ob’ektlarida gazning chaqnashi, 12,2 foizi suvdagi baxtsiz hodisalar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, toksik, oziq-ovqatdan va is gazidan zaharlanish, sel-suv toshqini, kuchli shamol va katerdagi avariya holatlari ham qayd etilgan. Ushbu tarkib xavfsizlik profilaktikasi bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda olib borilishi kerakligini ko‘rsatadi. Yong‘inlar profilaktikasi, gazdan foydalanish madaniyati, yo‘l harakati xavfsizligi, suv havzalarida ehtiyotkorlik, ishlab chiqarishda xavfsizlik va aholining birinchi yordam bo‘yicha bilimlari bir-biridan ajralgan holda emas, yagona xavfsizlik madaniyati doirasida shakllantirilishi kerak. Joriy yilning 9 oyida 7615 ta yong‘in sodir bo‘lgan. 2025-yilning shu davriga nisbatan 6,5 foiz kamaygan. Biroq yong‘inlarning kelib chiqish sabablari profilaktika uchun muhim ogohlantirish beradi: 46 foizi elektr uskunalari, 29 foizi olovdan ehtiyotsiz foydalanish, 8,4 foizi isitish pechlari, 5,1 foizi transport vositalaridan foydalanish va tuzilish qoidalarini buzish bilan bog‘liq.
Bolalarning sho‘xligi 3,9 foizni tashkil etgan. Yong‘inlarning 72,3 foizi aholi yashash joylarida sodir bo‘lgani alohida e’tiborga loyiq. Bu ko‘rsatkich xavfsizlik madaniyatini oiladan boshlash zarurligini anglatadi. Elektr jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, isitish pechlarini soz holda saqlash, bolalarni olov bilan bog‘liq xavflardan asrash, gaz qurilmalarini nazorat qilish va evakuatsiya yo‘lini oldindan bilish kabi oddiy ko‘nikmalar ko‘plab xavflarning oldini olishi mumkin.
Favqulodda vaziyat yuz berganidan keyin uni bartaraf etish muhim, ammo undan oldin ko‘rilgan profilaktik choraning qiymati yanada yuqori. Joriy yilning 9 oyida yong‘inlarning oldini olish maqsadida 323 mingdan ortiq korxona va tashkilotdan qariyb 102,5 mingtasida batafsil va nazorat tartibidagi tekshiruvlar o‘tkazildi. Shuningdek, 30 ming 671 ta tadbirkorlik sub’ektida yong‘in profilaktika tadbirlari va ko‘riklar tashkil etildi, davlat tasarrufidagi 82 ming 205 ta ob’ektda tezkor tekshirishlar amalga oshirildi.
Tekshiruvlar davomida korxona va muassasalar rahbarlariga 1 million 846 ming 578 ta banddan iborat davlat yong‘in nazoratining yozma ko‘rsatmalari berilgan va ularning 77,1 foizi bartaraf etilgan. Zudlik bilan chora ko‘rilmasa, yong‘inga olib kelishi mumkin bo‘lgan 36 ming 306 ta bino-inshootning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 134 ming 575 ta nosoz uskuna elektr manbasidan uzilgan. Bu raqamlar profilaktika ishlarining faqat tushuntirish emas, aniq xavfni bartaraf etishga qaratilganini ko‘rsatadi. Profilaktikaning yana bir muhim yo‘nalishi — aholining bilimi va ko‘nikmalarini oshirish. 2026-yilning 9 oyi mobaynida qariyb 10 million 164 ming fuqaroni qamrab olgan holda suhbat va yo‘l-yo‘riqlar o‘tkazilgan. Korxona va tashkilotlarda 125 mingdan ziyod uchrashuv o‘tkazilib, 3 million 910 mingga yaqin ishtirokchi qamrab olingan, mahallalardagi 66 ming 602 ta uchrashuvda esa 2 milliondan ziyod fuqaro ishtirok etgan.
Mustahkam muhofaza oiladan boshlanadi
Xavfsizlik madaniyati, eng avvalo, oilada shakllanadi. Elektr rozetkasiga tegmaslik, gaz qurilmasidan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, suv havzasida kattalar nazoratisiz suzmaslik, yong‘in sodir bo‘lganda sarosimaga tushmasdan xavfsiz joyga chiqish kabi oddiy qoidalarni o‘rgatish bolaning hayoti uchun muhim himoya vositasiga aylanadi. Har bir oilada favqulodda xizmatlarga qanday murojaat qilish, uydan xavfsiz chiqish yo‘li qayerda ekani, elektr va gazni zarur holda qanday o‘chirish, birinchi yordamning eng asosiy qoidalari nimadan iborat ekanini bilish muhim. Bu ko‘nikmalar professional qutqaruvchilar ishini bosmasa-da, mutaxassislar yetib kelgunga qadar qimmatli vaqtni saqlab qolishi mumkin.
Ayniqsa, bolalar, yolg‘iz keksa fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va harakatlanishi cheklangan insonlar uchun alohida yondashuv talab etiladi. Favqulodda vaziyatda barcha inson bir xil imkoniyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Shu sabab mahalla darajasida kimga qanday yordam kerakligi, kimni evakuatsiya qilishda birinchilardan ko‘maklashish zarurligi oldindan belgilangani ma’qul.
Sel-toshqinga qarshi tizimli tayyorgarlik
Tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olishda hududning tabiiy sharoiti, suv ob’ektlari, tog‘oldi hududlari va aholi joylashuvi hisobga olinishi kerak. 2026-yil davomida aholi va hududlarni xavfli gidrometeorologik hodisalar hamda geologik jarayonlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha qator ishlar bajarildi.
Hukumat komissiyasining toshqinga qarshi 4 ta yig‘ilish bayoni tasdiqlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarida toshqinga qarshi hududiy komissiyalar majlislari o‘tkazildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligida Suv xo‘jaligi va Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Milliy gvardiya, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Davlat geologik monitoring xizmati va boshqa tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat respublika idoralararo shtabi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 14 ta shtab tashkil qilinib, kunlik axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Sel-toshqin xavfi mavjud xavfli hududlardan vaqtinchalik ko‘chirilishi lozim bo‘lgan aholining doimiy yashash joylariga alohida ko‘rsatma bo‘lgunga qadar qaytib kelish holatlarining oldini olish va transport vositalarining xavfli hududlarga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish maqsadida 124 ta nazorat-kuzatuv posti tashkil etildi. Bu kabi choralar favqulodda vaziyat vaqtida boshqaruv va intizom naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Xavfli hududlarda daryolar, soylar va kanallar o‘zanlarini tozalash, qirg‘oq va dambalarni mustahkamlash bo‘yicha respublikada 180 ta maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi. Ularga 5193 xodim va 1216 ta maxsus-muhandislik texnikasi jalb etildi. Mashg‘ulotlar davomida qariyb 116,5 ming kub metr tuproq, 101 ming 853 pogon metr o‘zan tozalash ishlari, 66 ming kub metrdan ziyod qum-shag‘al, 10 ming kub metrga yaqin xarsang va 3698 kub metr beton ishlari bajarildi. Ushbu tadbirlar natijasida 438 ta xonadon, 12 ta ijtimoiy soha ob’ekti, 101,5 kilometr daryo, soy va kanal o‘zanlari, 12,3 kilometr ichki yo‘llar hamda boshqa ob’ektlarni sel suvlaridan muhofaza qilishga erishildi.
Xavflar xaritasi o‘zgarmoqda
Kuchli issiq va qurg‘oqchilik yong‘in xavfini kuchaytirishi, jala va keskin yog‘ingarchilik sel hamda suv bosishiga olib kelishi, suv tanqisligi esa aholi turmushi va iqtisodiyot barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin. Shu sabab iqlim o‘zgarishi favqulodda vaziyatlar sohasidagi yondashuvlarni ham yangilashni talab qilmoqda. Bir vaqtning o‘zida bir nechta xavfning yuzaga kelishi ham ehtimoldan xoli emas. Shu bois, xavf xaritalarini doimiy yangilab borish, ularni yerdan foydalanish, qurilish, kommunikatsiyalar va qutqaruv bo‘linmalarini joylashtirish qarorlari bilan bog‘lash zarur.
Tog‘oldi hududlarida sel va ko‘chki, daryo bo‘ylarida suv toshqini, zich qurilgan shaharlarda yong‘inning tez tarqalishi, sanoat zonalarida texnogen hodisalar ehtimoli yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Iqlimga moslashuvni faqat ekologik masala sifatida qarash yetarli emas. Bu aholi salomatligi, uy-joy, transport, energetika, suv ta’minoti va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bilan bevosita bog‘liq kompleks vazifadir. Shuning uchun xavflarni kechagi hodisalar asosida emas, ilmiy ma’lumotlar, kuzatuvlar va ehtimoliy ssenariylar asosida baholash talab etiladi. Xavf haqidagi axborot fuqaroga o‘z vaqtida, aniq va tushunarli yetkazilsa, u to‘g‘ri qaror qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Erta ogohlantirish faqat xabar yuborishdan iborat emas. Fuqaro xabar nimani anglatishini, qayerga borishini, kimga murojaat qilishini va qanday harakatlardan tiyilishi kerakligini ham bilishi lozim. Mobil aloqa, sirenalar, televideniye, radio va mahalla orqali xabardor qilish kanallari bir-birini to‘ldirishi kerak. Aloqa tarmog‘i ishdan chiqsa ham aholiga xabar yetkazishning muqobil usuli mavjud bo‘lishi lozim.
Bu, ayniqsa, sel-toshqin, kuchli shamol, yong‘in va boshqa tez rivojlanuvchi hodisalarda katta ahamiyatga ega. Mahalla aholi bilan eng yaqin ishlaydigan bo‘g‘in sifatida erta ogohlantirish tizimining muhim qismi bo‘lishi mumkin. Xavfli joylar, evakuatsiya yo‘nalishlari va xavfsiz yig‘ilish nuqtalari oldindan belgilansa, favqulodda vaziyat vaqtida sarosima kamayadi. Ko‘p qavatli uy, maktab, bozor va ishlab chiqarish ob’ekti uchun harakat algoritmi tushunarli bo‘lishi, hujjatda emas, amaliy mashg‘ulotlar orqali sinovdan o‘tkazilishi kerak.
Tezkor javob sifati
Tezkor javob sifati Aholi uchun eng muhim masalalardan biri — yordam qanchalik tez yetib kelishi. Biroq tezkorlik faqat qutqaruv avtomobilining harakat tezligi bilan o‘lchanmaydi. Chaqiruvni qabul qilish, manzilni aniqlash, eng yaqin guruhni yo‘naltirish, tirbandlik va yo‘l sharoitini hisobga olish, ob’ekt haqidagi ma’lumotlarni oldindan bilish yagona jarayonni tashkil etadi. Shaharlar kengayib, yangi turar joy massivlari va sanoat zonalari paydo bo‘layotgan hozirgi sharoitda qutqaruv bo‘linmalarining joylashuvi muntazam qayta baholanishi zarur. Ma’muriy chegaradan ko‘ra haqiqiy yetib borish vaqti muhimroq. Aholi zichligi, baland binolar, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, yo‘l tarmog‘i va mavsumiy xavflar birgalikda tahlil qilinishi lozim.
Zamonaviy geoaxborot tizimlari xavfli nuqtalarni ko‘rsatish, transport monitoringi eng maqbul yo‘nalishni tanlash, ma’lumotlar tahlili esa profilaktika uchun ustuvor ob’ektlarni belgilash imkonini beradi. Ammo texnologiyaning o‘zi yetarli emas. Uni to‘g‘ri qo‘llaydigan xodim, sifatli ma’lumot va aniq mas’uliyat taqsimoti ham zarur. Favqulodda vaziyat vaqtida birgina idoraning sa’y-harakatlari bilan barqaror natijaga erishib bo‘lmaydi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, hokimliklar, tibbiy xizmat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, kommunal va transport tashkilotlari muvofiqlashgan holda harakat qilishi shart. Bir idoradagi kechikish butun javob zanjiriga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun qo‘shma mashg‘ulotlar, ma’lumot almashish tartibi va yagona vaziyat bahosi tinch davrning o‘zida shakllantirilishi kerak.
Amaliy mashqlar nafaqat texnik imkoniyatlarni, balki idoralar o‘rtasidagi hamkorlikning qay darajada ishlashini ham sinab ko‘radi. Qutqaruvchilarning kasbiy mahorati ham tizim samaradorligining muhim omilidir. Yong‘in, sel, balandlikdagi avariya yoki suvdagi hodisa turli ko‘nikma va asbob-uskunalarni talab qiladi. Amaliy o‘quvlar, rahbar kadrlarni tayyorlash va har bir hodisadan keyin xolis tahlil o‘tkazish xizmat sifatini oshirishning doimiy vositasi bo‘lishi lozim.
Raqamlardan amaliy xulosalarga
Yong‘inlar statistikasi profilaktikaning qaysi nuqtalarga qaratilishi kerakligini ko‘rsatadi. Yong‘inlarning eng katta qismi aholi yashash joylarida sodir bo‘layotgani oilaviy xavfsizlikka alohida e’tibor berishni talab qiladi. Elektr uskunalari bilan bog‘liq holatlarning yuqori ulushi elektr tarmoqlari va maishiy jihozlarni muntazam tekshirish zarurligini anglatadi. Isitish pechlari bilan bog‘liq yong‘inlar kuz-qish mavsumi oldidan profilaktik ko‘riklarni kuchaytirish muhimligini ko‘rsatadi. Dudburonlarni tozalash, pech va mo‘rilarning texnik holatini tekshirish, yong‘in xavfi mavjud materiallarni isitish qurilmalaridan uzoq saqlash kabi choralar oddiy ko‘rinsa-da, inson hayoti uchun katta ahamiyatga ega. Gazdan foydalanishda ham mas’uliyatli munosabat talab etiladi.
2026-yilning 9 oyida 25 ta is gazidan zaharlanish va 46 ta havo-gaz aralashmasi chaqnashi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, har bir holatning oldini olish mumkin bo‘lgan xavf sifatida baholanishi kerak. Suvda xavfsizlik ham doimiy e’tiborni talab qiladi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda 91 ta suvda cho‘kish holati qayd etilgan, 2025-yilning shu davriga nisbatan 38 foizga kamaygan. Shunga qaramasdan, suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik va belgilanmagan joylarda cho‘milmaslik bo‘yicha targ‘ibot uzluksiz davom etishi lozim.
Umumiy mas’uliyat
Aholi va hududlar xavfsizligini ta’minlashda davlat organlari bilan bir qatorda tadbirkorlar va fuqarolarning ham o‘rni bor. Korxona rahbari yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etishi, bino egasi evakuatsiya yo‘lini to‘smasligi, ota-ona farzandiga suv havzasidagi xavfni tushuntirishi — umumiy xavfsizlik tizimining ajralmas qismidir. Mas’uliyat faqat hodisadan keyin emas, har kuni namoyon bo‘ladi. Bu yondashuv xavfsizlik madaniyatini nazorat va jazo tizimidan kengroq tushunishni talab qiladi.
Har bir inson xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni shaxsiy majburiyat sifatida qabul qilsa, profilaktikaning ta’siri sezilarli oshadi. Tadbirkor uchun xavfsiz ish joyi, ota-ona uchun farzand xavfsizligi, mahalla uchun umumiy hudud xavfsizligi, davlat organlari uchun esa samarali boshqaruv va tezkor xizmat yagona maqsadga xizmat qiladi. Bugungi sharoitda favqulodda vaziyatlar sohasidagi vazifalarni faqat sodir bo‘lgan hodisalarga javob qaytarish bilan cheklab bo‘lmaydi. Ustuvor vazifa — xavfni oldindan ko‘rish va uning oqibatini minimallashtirish. Buning uchun hududlar xavfini muntazam baholash, profilaktikani xavf darajasiga qarab tashkil etish, erta ogohlantirishni barcha aholi qatlamlari uchun tushunarli qilish, qutqaruv bo‘linmalarining yetib borish imkoniyatlarini yaxshilash va mahallalarda amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish zarur.
Ayni paytda suv ob’ektlarida ham muhandislik-himoya ishlari olib borilmoqda. Yig‘ma manzilli dastur asosida 79 ta suv ob’ektida ishlar tashkil etilgan. Shuningdek, 9 ta suv ob’ektida qirg‘oq mustahkamlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hisobot davriga qadar katta hajmda tuproq, tosh, beton va temir ishlari bajarilgan. Maqsad – 2526 ta xonadon, 30 ming 408 fuqaro, 5191 gektar ekin maydoni va ko‘plab ijtimoiy hamda infratuzilma ob’ektlarini sel-toshqin xavfidan muhofaza qilishga qaratilgan.
Bu natijalar profilaktikaning iqtisodiy va ijtimoiy samarasini ham ko‘rsatadi. Xavfni oldindan kamaytirish orqali nafaqat inson hayoti, balki uy-joylar, ekin maydonlari, yo‘llar, maktablar, bog‘chalar, tadbirkorlik ob’ektlari va boshqa infratuzilmalar ham asrab qolinadi. Fuqarolar xotirjamligi — davlat siyosatining o‘zagi, inson hayoti va qadr-qimmati esa uning eng oliy mezonidir. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi va hududlarni muhofaza qilish, tezkor javob berish va tiklash ishlari bir-biri bilan uzviy bog‘langan yagona tizim sifatida ishlashi kerak.
2026-yilning 9 oyi davomida favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar sonining kamayishi, aholini keng qamrab olgan profilaktik tadbirlar, sel-toshqin xavfi mavjud hududlarda amalga oshirilgan maxsus-taktik o‘quv mashqlari, muhandislik-himoya ishlari va idoralararo hamkorlik bo‘yicha natijalar sohada amaliy ishlar izchil olib borilayotganini ko‘rsatadi. Biroq xavflar o‘zgarib borayotgan sharoitda erishilgan natijalar bilan cheklanib qolish mumkin emas. Iqlim o‘zgarishi, shaharlarning kengayishi, yangi sanoat va infratuzilma ob’ektlarining paydo bo‘lishi xavfsizlik tizimini doimiy ravishda takomillashtirishni talab etadi.
Bunda ilmiy ma’lumotlar, raqamli texnologiyalar, xavf xaritalari, erta ogohlantirish tizimlari, amaliy mashg‘ulotlar va aholi bilan ochiq muloqot muhim o‘rin tutadi. Eng muhimi, xavfsizlik madaniyati har bir oiladan boshlanishi kerak. Har bir fuqaro xavfni oldindan anglasa, har bir oila oddiy xavfsizlik qoidalarini bilsa, har bir mahalla favqulodda vaziyatga tayyor bo‘lsa va har bir tashkilot o‘z mas’uliyatini sidqidildan bajarsa, umumiy xavfsizlik darajasi yanada yuksaladi. Bugun ko‘rilgan profilaktik chora ertangi talafotning oldini olishi mumkin.
Shu ma’noda, xavfsizlikka sarmoya kiritish — kelajakka, oila farovonligi va mamlakat taraqqiyotiga sarmoya kiritishdir. Zero, fuqarolar xotirjamligi ta’minlangan jamiyatdagina barqaror taraqqiyot uchun mustahkam zamin yaratiladi.