Xavfsiz yo‘llar – har bir bola uchun
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida BMTning yo‘l harakati xavfsizligi haftaligi yakunlari va 1 iyun – Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Xavfsiz yo‘llar – har bir bola uchun» mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, "Zamin" xalqaro jamoat fondi va YUNISEF hamkorligida tashkil etilgan anjumanda qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisalari 5-19 yoshdagilar o‘limining eng asosiy sababi bo‘lib qolmoqda.
Dunyo bo‘ylab yo‘l harakati hodisalari sababli har kuni 3000 nafar bola va yoshlar halok bo‘ladi yoki og‘ir tan jarohati oladi. Yo‘l-transport hodisalari sabab bo‘lgan o‘limlarning yarmidan ko‘pi piyodalar, velosipedchilar va mototsiklchilarga to‘g‘ri keladi va bularning oldini olish mumkin edi. Dalillar shuni ko‘rsatadiki, bolalar va yoshlar o‘zlari yashaydigan, o‘ynaydigan va maktabga boradigan ko‘chalarda ko‘proq xavf ostida bo‘ladi.
O‘zbekistonda 2020 yilda bolalar ishtirokida 1 ming 139 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning to‘rt oyida 243 ta shu kabi holat qayd etilgan. Natijada 1 ming 143 nafar bola turli darajadagi tan jarohati olib, 285 nafari vafot etgan.
– Bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini tahlil qilar ekanmiz, umumta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari haqida to‘liq darslik yo‘qligi va borlarida ham nomutaxassis o‘qituvchi dars o‘tayotganini kuzatdik, – deydi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Olim Saidov. – Shu boisdan hukumatga barcha umumta’lim maktablariga yo‘l harakati qoidalari darsligini joriy etish va mutaxassis bo‘lgan xodimni unga biriktirish taklifi bilan chiqdik. Yana bir ma’lumot, yaqinda 7 ming 500 nafar yoshlar ishtirokida so‘rovnoma o‘tkazildi. Buning natijalari O‘zbekistonning shahar va qishloq joylarida bolalarning yo‘llardagi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha juda ko‘p ishlar qilinishi zarurligini ko‘rsatdi. Aksariyat respondentlar – 75 foizning fikriga ko‘ra maktab o‘quvchilari maktabga asosan piyoda boradi. Respondentlarning yarmi – 51 foizi maktabga olib boruvchi yo‘llar xavfsizlik talablariga javob bermasligini aytgan. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich yuqoriroq bo‘lib, 60 foizni tashkil etadi.
O.Saidovning qo‘shimcha qilishicha, respondentlarning 37 foizigina darsliklar bilan bir qatorda o‘zlari ta’lim olayotgan maktablarda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha o‘quv materiallari va ko‘rgazmali vositalardan foydalanish imkoniga ega ekanligini tasdiqlagan. Ular yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mutaxassislarini darslarga taklif qilish, maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish, piyodalar va velosipedchilar uchun maxsus yo‘lakchalarni tashkil etish, maktablar yaqinidagi yo‘llarda avtomashinalarning harakatlanish tezligini soatiga 30 kilometrgacha cheklash kabi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif qilgan.
– Har bir bola xavfsiz yo‘llardan foydalanish huquqiga ega va har bir bola maktabga xavfsiz yetib borishiga ishonchi komil bo‘lishi kerak, - dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Barchamiz – hokimiyat va hamjamiyatlar, maktab ma’muriyati va o‘qituvchilar, ota-onalar, shuningdek, bolalarning o‘zi ham yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda hamda bolalarni yo‘llardagi jarohatlar va o‘limdan himoya qilishda muhim o‘rin tutamiz. Bu bizning kollektiv mas’uliyatimizdir.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA