“Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi –amalda
Navoiy viloyati G‘ozg‘on shahridagi 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2022-2026 yillar davomida respublika hududida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi ijrosi doirasida viloyat seminari o‘tkazildi. Unda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydonchalari bilan ta’minlangan tuman va shaharlardagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining mas’ul xodimlari ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashdi.
Seminarda tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilari bilan “Xavfsiz va ravon yo‘l” mavzusida ochiq mashg‘ulot o‘tkazilib, bolajonlarga yo‘l belgilari, piyodaning majburiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslikning salbiy oqibatlari sahna ko‘rinishi orqali namoyish etildi.


– Umummilliy dasturda har bir hudud kesimida “Yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish”, “Avtomobil yo‘llarida harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish”, “Jamoat transportini rivojlantirish va raqamlashtirish”, “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashviqot ishlarini kuchaytirish belgilangan, – deydi G‘ozg‘on shahar IIB JXX YHXB xodimi S.Qudratov. – Dastur doirasida bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish”, “Haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda avtotransport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish” kabi yo‘nalishlarda vazifalar belgilangan.


Shuningdek, mahallalar, maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydonchalarini tashkil etish, “Diqqat, yo‘lovchi!”, “Diqqat, bolalar!” nomli profilaktik tadbirlar o‘tkazish ko‘rsatib o‘tilgan. bugungi seminar ham ana shu maqsadlarni amalga oshirishga bag‘ishlanganligi bilan ahamiyatlidir.
Seminar davomida qatnashchilar “Yer sayyorasi – umumiy uyimiz”, “Tabiatni asraymiz” mavzularida o‘tilgan mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.

A.Bo‘riyev, O‘zA