Xavfli kimyoviy moddalar boshqaruvi
Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida kengaytirilgan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda hamkor tashkilotlar ko‘magida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish uchun texnik ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi doirasidagi navbatdagi vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Qo‘mita vakillari tomonidan tizimda institutsional o‘zgarishlar izchil davom etayotganini, yuqori xavfli pestitsidlardan bosqichma-bosqich voz kechish, zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan kurash (IPM) yondashuvini keng joriy etish bo‘yicha choralar haqida ma’lumot berildi.
Muhokamalar natijasida o‘simliklarni himoya qilish vositalarini qo‘llash bo‘yicha Yevropa tajribasini o‘rganish va bosqichma-bosqich joriy etishga kelishib olindi.
O‘simliklarni himoya qilish vositalari aylanmasini nazorat qilish, shuningdek, foydalanilgan kimyoviy vositalar idishlarini xavfli yig‘ish va boshqarish bo‘yicha rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida tanishuv tashrifini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, nazorat tizimini takomillashtirish zarurati muhokama etildi. Pestitsidlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan keyingi nazorat tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va ushbu yo‘nalishdagi huquqiy bazani mustahkamlashga kelishib olindi.
Hamkorlikning alohida yo‘nalishi sifatida mutaxassislar salohiyatini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Trening dasturlarini davom ettirish, yerdan foydalanuvchilar uchun amaliy o‘quvlar tashkil etish, shuningdek, uslubiy qo‘llanmalar va monitoring metodologiyasini ishlab chiqish choralari ko‘riladi.
Ishlatilgan kimyoviy taralarni hisobga olish, ularning harakatini kuzatish, yig‘ish va utilizatsiya qilish jarayonlariga zamonaviy raqamli yechimlar, jumladan, Container Tracking System tizimini joriy etish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha Qo‘shma Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadida qisqa muddatlarda texnik onlayn-konsultatsiyalarni boshlashga kelishib oldi.
Mohigul Qosimova, O‘zA