Xatirchida mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Aholining kuz-qish mavsumida gaz ta’minoti bilan bir maromda va xavfsiz ta’minlanishi soha xodimlarining bugungi harakatiga bevosita bog‘liq. Shu bois mavsumga tayyorgarlik tadbirlariga har bir hududda mas’uliyat bilan yondashilmoqda.
bugungi kunda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 13 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish tadbirlari jarayonida 1,3 km gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi va 2 ta gaz taqsimlash punkti kapital ta’mirlandi.

Shuningdek, 164 ta gaz taqsimlash qurilmasi taftish qilinib, xavfsiz holga keltirildi. Hozirda “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilgan hududlardagi yuqori bosimli gaz taqsimlash qurilmalari demontaj qilinib, gaz ta’minoti uch bosqichlidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazilmoqda. Jumladan, ayni vaqtgacha 289 ta qurilma demontaj qilinib, ushbu hududlardagi aholiga ta’minot yangi tizim orqali yetkazilmoqda.

- bugungi kunda tuman iste’molchilariga 53 ta yuqori bosimli gaz taqsimlash qurilmasi orqali tabiiy gaz yetkazilib, tadbir boshidan buyon 13 ta ana shunday qurilma zamonaviy himoya panjarasi bilan o‘ralib, estetik jihatdan tartibga keltirildi, - deydi “Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Zafar Shamsiyev. - Birgina tumanning “Xo‘jaqo‘rg‘on” qishlog‘ida 492 ta tabiiy gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, ushbu hududdagi 8 ta gaz taqsimlash qurilmasi demontaj qilinib, gaz ta’minoti ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi, Shuningdek, 1 ta yuqori bosimli gaz taqsimlash qurilmasi zamonaviy himoya panjarasi bilan o‘ralib, qurilmada joriy taftish va ta’mirlash ishlari olib borildi.
Bundan tashqari, tumandagi 16,9 km gaz quvurlari bosim ostida zichlikka sinalib, havo bosimi yordamida tozalandi. 49 km gaz quvurlari bo‘yoq qilindi.
Albatta, mavsumga tayyorgarlik ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilsa, hudud iste’molchilarining gaz ta’minotida muammo bo‘lmaydi va mavsum xavotirsiz o‘tadi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA