Xatay viloyati hokimi bilan uchrashuv
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Turkiya Respublikasi Xatay viloyatiga amaliy tashrif davom etmoqda.
Tashrif davomida Spiker N.Ismoilovning Xatay viloyati hokimi Mustafa Masatli bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya aloqalari, barcha yo‘nalishdagi hamkorlik ko‘lami tobora kengayib borayotganiga alohida urg‘u berildi.
Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov o‘zbek va turk xalqlarini azaliy do‘stlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turganini alohida ta’kidladi. Qayd etildiki, xalqlarimizning tarixiy ildizlari bir, bugungi orzu-intilishlari mushtarak. Turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlarimizning madaniyati, dini va urf-odatlari bir-biriga juda yaqin.

Turkiya O‘zbekistonning davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan. 1996-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan.
Davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonch asosidagi do‘stona munosabatlar bugun izchil mustahkamlanib borayotir. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘anning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlagan oqilona siyosati natijasida keyingi yillarda munosabatlarimiz yangi bosqichga chiqdi.
Ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Hukumatlar, vazirlik va idoralar, hududlar darajasida doimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan.

Ta’kidlanganidek, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida nafaqat ikki tomonlama munosabatlar faol rivojlanmoqda, balki parlamentlararo muloqotlar ham ancha faollashmoqda. Do‘stlik guruhlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, uchrashuvda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov Xorazm viloyati bilan Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik, madaniy, turizm va sanat sohasidagi aloqalar rivojlanib borayotgani, iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik kengayib borayotganini qayd etdi.
O‘z navbatida, Xatay viloyati hokimi O‘zbekiston bilan hamjihatlik kengayib borayotgani, qardosh o‘zbek xalqi bilan har jihatdan yaqin va samimiy do‘stlik munosabatlarini yuqori baholadi.
Sinovli, og‘ir kunlarda O‘zbekiston tomoni birinchilardan bo‘lib ko‘mak qo‘lini cho‘zgani Turkiya hukumati va xatayliklarga katta dalda bo‘lganini qayd etdi. Shuningdek, Xatay rahbari O‘zbekistonning tarixiy shaharlari - Samarqand, Buxoro, Xorazmni borib ko‘rish niyatida ekanini bildirdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni yanada faollashtirish, qardosh xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, Shavkat Tohirov (surat), O‘zA