Xantavirusning pandemiyaga aylanish xavfi qay darajada?
Shu kunlarda dunyo jamoatchiligi sahnida xantavirus epidemiyasi tarqalgan “MV Hondius” sayohat kemasi harakatini diqqat va xavotir bilan kuzatmoqda. Gap shundaki, 24-aprel kuni Argentinadan Kabo-Verdega ketayotgan, Sent-Yelena va “Yuksalish” orollarida to‘xtab o‘tgan kemada bir necha yo‘lovchi noma’lum xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar tarqaldi. Keyinchalik “Oceanwide Expeditions” kompaniyasi jurnalistlarga Gollandiyaning ikki fuqarosi va bir germaniyalik sayyoh halok bo‘lganini tasdiqladi.
Kemada 12 mamlakatdan sayyohlar bor edi. Ilk xatarli holat may oyi boshida qayd etilgan.
Xo‘sh, hozircha epidemiya sifatida ta’riflanayotgan voqea halokatli pandemiyaga aylanishi mumkinmi? Insoniyat yuz minglab odamning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan, dunyo iqtisodiyotini qiyin holatga solib qo‘ygan koronavirus pandemiyasini boshdan kechirganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Tabiiyki, yangi virus tarqalibdi, desa yuragi bezillab qolgan odamlar xantavirus ham global miqyosda tarqalib ketishidan xavfsirashi turgan gap. Shu bois hamon okeanda qolayotgan kemani hech bir davlat o‘z sohiliga yaqinlashishini istamayapti.
Ma’lumotga ko‘ra, xantavirus kamdan-kam uchraydigan, ammo ehtimoliy xavfi juda yuqori virus bo‘lib, insonga kemiruvchidan yuqar ekan.
Kuni kecha Ispaniya hukumati kema mamlakat qirg‘og‘ida langar tashlashiga ruxsat berdi, mazmunidagi xabar tarqaldi. Shuningdek, qirollik rasmiylari “barcha yo‘lovchilar majburan karantinga joylashtirilishini e’lon qildi. Sayyohlar Madriddagi ixtisoslashgan klinikaga joylashtirilib, PSR testidan o‘tkaziladi va alohida xonalarda ixotalanadi. Tegishli alomat namoyon qilganlar salbiy bosim palatalariga o‘tkaziladi.
Fransiyada esa xantavirusga chalinganlar bilan aloqada bo‘lgan sakkiz kishi karantinga olindi. Ulardan biri infeksiyasi tasdiqlangan odam bilan bir samolyotda uchgan. Shifokorlar bu erkakda xastalikning yengil belgilar borligini aniqlagan. Test esa manfiy natija bergan. Qolgan yetti kishi kemadan tushgan odam bilan aloqada bo‘lgan.
Kema sahnidagi yana besh nafar fransuz fuqarosi Kanar orollariga kelganidan keyin, 24-48 soat ichida vataniga qaytarilishi kerak. Ular quruqlikka tushgach, tekshiruvdan o‘tadi, Fransiyaga kelgandan keyin ham yana test topshirishi shart.
Sayohat kemasida aniqlangan noyob “Andes” xantavirusi holati haqida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ham izoh berdi. Tuzilma mas’ullari dunyo uchun xavf pastligi, hozirgi vaziyat yangi pandemiya tarqalishiga sabab bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, ayni payt 8 holat, jumladan 3 o‘lim qayd etilgan. Virus odamdan odamga yuqishi mumkin, ammo faqat yaqin va uzoq muddatli aloqa, masalan, oilada yoki virusli odamni parvarish qilish orqali.
Inkubatsiya davri olti haftagacha davom etadi. Shuning uchun mutaxassislar yangi holatlar ehtimolini istisno qilmayapti.
Shu bilan birga JSST Bosh direktori xantavirus yangi COVID-19 emasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, hozir jamoat salomatligi xavfi past. Bu koronavirus takrorlanishi emas.
Voqeadan AQSH Prezidenti Donald Tramp ham xabardor. U xantavirus bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida ekanini bildirdi.Amerika yetakchisi esa koronavirusdan farqli o‘laroq, bu virus odamdan odamga osonlikcha yuqmasligini qo‘shimcha qilgan.
Aslida, bu xabarlar odamlarni xotirjam qilishi kerak, lekin bunday bo‘lmayapti, chamasi. Kuni kecha Kanar orollarida virus yuqtirgan yo‘lovchilarni olib ketayotgan kema tufayli mahalliy aholi namoyishga chiqqan. Port ishchilari xavfsizlik kafolati va aniq ko‘rsatma talab qilib, norozilik bildirmoqda. Ba’zilar infeksiya orol bo‘ylab tarqalishidan qo‘rqib, kemaning sohil tomon suzishini to‘sib qo‘yish bilan tahdid qilyapti.
S.Rahimov, O‘zA