“Xalqparvar” komissiyasi: muammolarning yangicha yechimi
Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov boshchiligida uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hamda “Xalqparvar” komissiyasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Xalqparvar” komissiyalari o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash maqsadida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan keng hamkorlik qiladi. Jumladan, komissiya faoliyati bo‘yicha har oyda brifinglar o‘tkazilib, arzon uy-joy qurilishi sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, imtiyozli kredit va subsidiyalar olish tartibini soddalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Bundan tashqari komissiya uy-joy qurilishi va ipoteka kreditlari, subsidiyalar ajratish borasidagi qarorlar ijrosini amalga oshirishda ishtirok etadigan vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida doimiy ravishda (oyda kamida bir marta) parlament eshituvlarini o‘tkazib boradi.
Xalq deputatlari tuman kengashlari “Xalqparvar” komissiyalarni jalb qilgan holda har oyda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, qurilish tashkiloti rahbarlarining uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarni aniqlash, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, quruvchi xususiy pudrat tashkilotlarini uy-joy qurilishi sohasiga keng jalb etish borasida amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan axborotini, har chorak yakunida tuman hokimliklari tomonidan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga doir hududiy dasturlar ijrosi va ulardagi maqsadli ko‘rsatkichlar bajarilishini sessiyalarda muhokama qilib boradi.

“Xalqparvar” komissiyalari a’zolari aholi uchun qurilayotgan uy-joylarga yer maydonlari ajratish, qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish va o‘z muddatlarida tugallash, uy-joyga muhtoj fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish, ipoteka krediti, subsidiya oluvchilar o‘rtasida mablag‘larni adolatli taqsimlash borasidagi ishlarni joyiga chiqqan holda o‘rganib boradi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, bajarilmayotgan yoki ortda qolayotgan tadbirlar bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish, mutasaddi idora va tashkilotlar hisobotlarini eshitishga taklif etish, zarur hollarda, respublika darajasida hal etilmayotgan muammolarni hududdagi senator orqali mas’ul vazirlik va idoralarga yetkazadi.

Sohada byurokratiya va boshqa ma’muriy to‘siqlarning oldini olishga qaratilgan takliflar ishlab chiqib, xalq deputatlari tuman kengashiga muhokamaga kiritadi.
Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, ipoteka kreditlari, subsidiyalar ajratishga doir hisobotlarni eshitish bo‘yicha o‘tkaziladigan sessiyalarni, jamoatchilik nazorati natijalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, bu borada mahalliy kengash deputatlarining munosabatini berib boradi.
O‘.BAROTOV, O‘zA