Xalqimizning ertangi kunga ishonchi ortmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda aholi turmush farovonligini yuksaltirish, shahar va qishloqlarni obod qilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini zamon talablari asosida yangilash masalalari davlatmiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga aylangan.
Prezidentimiz tashabbusi va topshiriqlari asosida mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida xalqimizning turmush farovonligi yuksalmoqda, davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada ortmoqda. Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Andijon shahrida ham bu kabi xayrli va ezgu ishlar ko‘lami kundan-kunga kengayib bormoqda.
Jumladan, yirik infratuzilmaviy loyiha doirasida Andijon shahri markaziy suvoqova tarmog‘i (kanalizatsiyasi)ning Sarbontepa, Farobiy, Mustaqillikning 21 yilligi, Hamdo‘stlik hamda Uzumzor mahallalari hududidan o‘tgan 8,6 kilometr qismi tubdan yangilanayotganligi ham ulkan bunyodkorlik ishlariga yorqin misoldir.
Ayni kunlarda shaharning O‘zbekiston ko‘chasida kechayotgan qurilish ishlari orqali shahar hayoti uchun o‘ta muhim hisoblangan, butun oqova suv tizimining "yuragi" vazifasini bajarib kelgan asosiy magistral tarmoq yangidan barpo etilmoqda. Bu loyiha nafaqat muhandislik nuqtai nazaridan, balki shaharning kelgusi taraqqiyoti, aholi salomatligi, ekologik barqarorlik va kommunal xizmatlar sifati uchun ham ulkan ahamiyat kasb etadi.
Mazkur oqova suv tarmog‘i 1969-yilda qurilgan bo‘lib, qariyb yarim asrdan ziyod vaqt davomida shahar aholisiga xizmat qildi. Biroq har qanday muhandislik inshooti kabi uning ham xizmat muddati mavjud. Yillar o‘tishi bilan quvurlar tabiiy ravishda eskirdi, yemirildi, ichki qismida cho‘kindilar to‘plandi, texnik imkoniyatlari esa bugungi kun talablaridan ancha ortda qoldi. Natijada tarmoqda har yili ikki-uch marta avariya holatlari kuzatilib, ta’mirlash ishlari deyarli uzluksiz davom etadigan jarayonga aylandi.
Aslida muammo faqat quvurning yorilishi yoki nosozligidagina emas. Ushbu inshoot shaharning asosiy oqova suv magistrali bo‘lgani sababli har bir avariya butun tizim faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Ayrim mahallalarda oqova suvining toshib ketishi noxush hidlarning tarqalishi, sanitariya holatining yomonlashishiga olib kelar, bu aholining turmush tarziga jiddiy ta’sir ko‘rsatar, odamlarning e’tirozlarini keltirib chiqarayotgan, ayniqsa, kommunal xizmatlar faoliyatidan norozilikni, sohaga nisbatan ishonchsizlikning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan edi.
[gallery-30716]
Ayniqsa, har bir avariyadan keyin ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun markaziy ko‘chalarning bir qismi qazilishiga to‘g‘ri kelardi. Bu esa avtomobil harakatida jiddiy cheklovlarni keltirib chiqarar, tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lar, jamoat transporti harakati izdan chiqar, fuqarolar o‘z manziliga yetib borishda ko‘p vaqt sarflashga majbur bo‘lardi. Bir so‘z bilan aytganda, bitta quvurdagi nosozlik butun shahar hayotining bir qismiga ta’sir ko‘rsatadigan darajaga yetib qolgan edi.
– Ushbu oqova suv tarmog‘i uzoq yillardan buyon, aniqrog‘i 57 yil davomida xizmat qilib keldi, – deydi Farobiy mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Ahmadjon Nazirov. – Keyingi yillarda esa tarmoqda tez-tez nosozliklar yuzaga keladigan bo‘lib qoldi. Ayniqsa, avariya yuz berganda noqulaylikni hamma his qilardi. Ayrim paytlarda noxush hiddan deraza ochib bo‘lmasdi. Shukrki, endi tarmoq to‘la yangilanmoqda, bundan odamlar juda xursand. Bu farovon kelajak uchun, odamlarning turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladigan ulkan ishdir.
Mazkur yirik loyihani amalga oshirishda to‘rtta qurilish tashkiloti ishtirok etmoqda. Ular tomonidan jami 8,6 kilometr uzunlikdagi asosiy oqova suv tarmog‘i yangitdan qurilmoqda. Qurilish jarayoniga 50 dan ortiq zamonaviy maxsus texnikalar, 500 nafardan ziyod mutaxassis va ishchi-xizmatchilar safarbar etildi. Qurilish ishlari kunu tun yuqori sur’atlarda olib borilmoqda. Loyihani amalga oshirish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani davlatimiz tomonidan kommunal infratuzilmani rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir.
E’tiborli jihati shundaki, qurilish ishlari tizimli va yuqori darajada tashkil etilgan. Viloyat hokimligi tomonidan ushbu yirik qurilish maydonida uchta maxsus shtab tashkil etilgan. Bu shtablarda mas’ul rahbarlar va mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan har bir qurilish bosqichi kunlik tartibda muhokama qilinib, ishlarning sifati, muddati va samaradorligi qat’iy nazorat qilib borilmoqda.
Qurilish jarayonidagi barcha masalalar joyida hal etilayotgani qurilish ishlarining belgilangan reja asosida davom etishini ta’minlamoqda. Qurilish maydonida mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilar uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ularning mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi, sog‘lig‘ini muhofaza qilish masalalari doimiy e’tibor markazida turibdi. Tegishli idora va tashkilotlar vakillari zarur yordamlarni ko‘rsatmoqda, xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlamoqda. Bu esa qurilish ishlarining sifatli va bexatar tashkil etilishiga xizmat qilmoqda.
– Ilgari muammo chiqqanda yo‘llar kovlanib, ta’mirlash ishlari haftalab davom etardi, – deydi O‘zbekiston ko‘chasida yashovchi, uy bekasi Nigoraxon Ahmadaliyeva. – Yangi tarmoq ishga tushgach, bunday muammolar kamayishiga ishonamiz.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi o‘rnatilayotgan quvurlar yuqori bosimga chidamli, xizmat muddati uzoq hamda ekspluatatsiya nuqtai nazaridan ancha ishonchli hisoblanadi. Bu esa keyingi yillarda avariya holatlarini keskin kamaytirish, ta’mirlash xarajatlarini qisqartirish, kommunal xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi. Eng muhimi, bugun amalga oshirilayotgan ushbu keng qamrovli ishlar nafaqat bugungi kun ehtiyojini qondirishga, balki kelgusi avlodlarni ham mustahkam muhandislik infratuzilmasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyiha to‘liq yakunlangach, ana shu hududdagi mahallalarda istiqomat qilayotgan bir necha o‘n ming nafardan ziyod aholining turmush sharoiti yanada yaxshilanadi. Eng muhimi, shaharning asosiy oqova suv tizimi zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan darajaga keltirilib, kommunal xizmatlar faoliyatining barqarorligi ta’minlanadi. Bu esa inson qadrini ulug‘lash, shahar infratuzilmasini zamon bilan hamnafas rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati izchil amalga oshirilayotganining yana bir yorqin namunasidir.
Marhabo Nasriddinova,
“Andijon suv ta’minoti” MCHJ axborot xizmati rahbari.
O‘zA