Xalqimizning chinakam tayanchi va himoyachisi
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ijobiy harakat hamda izlanishlar bosqichma-bosqich davom etmoqda.
Bunda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Davlatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlarda tashkil etilgan ichki ishlar organlari o‘tgan yillar davomida “murakkab va sharafli yo‘l”ni bosib o‘tib, xalqimizning chinakam tayanchi va himoyachisi sifatida shakllandi.

Bu boradagi sa’y-harakatlar qatorida so‘nggi yillarda ichki ishlar sohasidagi islohotlarni olib qaraydigan bo‘lsak, davlatimiz rahbari o‘zining ilk Prezidentlik lavozimiga kirishgan dastlabki kunlardayoq “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunni imzolagani tarixiy voqea bo‘ldi. Shuningdek, bundan keyin ham ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan yaxshilash, xizmat samaradorligini oshirish yuzasidan qator farmon va qarorlar, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shu asosda sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni zamonaviy turdagi aloqa va axborot-kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlash, qulay ish sharoitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, mahallalarda profilaktika inspektorlari faoliyatini takomillashtirish, ularning aholi bilan doimiy muloqotini yo‘lga qo‘yish va muammolarni joyida hal etishga alohida e’tibor qaratildi.

Ichki ishlar organlarida elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, axborot tizimlaridan foydalanish hamda ma’lumotlar almashinuvini jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy talablarga javob beradigan professional kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar o‘z navbatida ichki ishlar organlarida o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishda, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda, soha xodimlarini va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, mashaqqatli mehnatini munosib rag‘batlantirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, o‘tgan qisqa vaqt ichida Ichki ishlar vazirligining yangi binosi zamonaviy ko‘rinishda qurib bitkazilgani, Qo‘ng‘irot, Beruniy va Chimboy tumanlarida vazirlikning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari yangidan qurilganligi, joriy yilning o‘zida uy-joyga muhtoj bo‘lgan 22 nafar xodimning uy-joy bilan ta’minlanganini qayd etish mumkin. Qolaversa, hozirgi vaqtda har oyda 464 nafar xodimning turar joylari ijara puli to‘lanayotgani, joriy yilda soha xodimlarining 168 nafar farzandi oliy o‘quv yurtlariga imtiyoz bilan o‘qishga kirish baxtiga muyassar bo‘lgani, xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 11 milliard so‘m mablag‘ ajratilganligini keltirib o‘tsak bo‘ladi.

Albatta, bunday amaliy ishlar Ichki ishlar organlarining xizmat salohiyatini yanada oshirish, yuklatilgan vazifalarni samarali va sifatli bajarish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan keng jamoatchilik bilan birgalikda respublika hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir qator tezkor va profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, joriy yil boshida qabul qilingan qarorlar mazmun-mohiyati Qoraqalpog‘istonning eng chekka hududlarigacha yetkazilib, bugungi kunda o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Mazkur qarorlar talabidan kelib chiqib, profilaktika inspektorlarining faoliyatini aniq natija, aholi ishonchi va hududda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish mezonlari asosida tashkil etilgan.
Bu borada, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlik kuchaytirilib, har bir mahallada xavfsiz muhitni shakllantirish, har bir oila bilan manzilli ishlash, muammolarni barvaqt aniqlash, hududlarni jinoyatdan holi makonga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Eng muhimi, jinoyat sodir etilgandan so‘ng chora ko‘rish emas, uning sabab va shart-sharoitlarini oldindan bartaraf etishga asosiy e’tibor qaratilgan. Ushbu amalga oshirilgan ishlar natijasi o‘laroq, hozirda Qoraqalpog‘istondagi mavjud 452 ta mahallaning 241 tasi “yashil” toifada. Shuningdek, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 27 ta mahalla barqarorlashdi.
Ma’lumki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sun’iy intellekt imkoniyatlarining jadal rivojlanishi tufayli har bir soha faoliyatiga jadal kirib bormoqda. Albatta, tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, axborot-kommunikatsiya rivojlanishi o‘zining ijobiy tomonlaridan tashqari yana bir xavf turini yuzaga chiqarganligiga barchamiz guvoh bo‘lib kelmoqdamiz. Bu hozirda dunyo bo‘ylab eng ko‘p uchraydigan tahdid kiberjinoyatchilik hisoblanadi.
Shu jumladan, Qoraqalpog‘istonda ham kiberjinoyatlar soni ko‘payib, shu yilning 9 oyi davomida jami jinoyatlarning 58 foizini tashkil etdi. Bu turdagi jinoyatlarning eng xavfli tomoni shundaki, uni sodir etish usuli tez o‘zgarib, yangi-yangi turlari paydo bo‘lib bormoqda. Shu boisdan kibermakonda sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Xususan, ushbu maqsadlarga mahalliy byudjetdan 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, “Kibertarg‘ibot” va “Kiberlaboratoriya” markazlari tashkil etildi hamda barcha zaruriy texnik vositalar bilan ta’minlandi. Shundan “Kiberlaboratoriya” markazi raqamli dalillarni sifatli olish, yo‘qolgan ma’lumotlarni tiklash va boshqa murakkab vaziyatlarni hal qilishda ish samaradorligini oshirish uchun ishlatiladi. “Kibertarg‘ibot” markazi esa fuqarolarning, shuningdek, davlat organlari va tashkilot xodimlarining kibermadaniyatini yuksaltirish va kibergigiyenasini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot materiallarini tayyorlaydi. Shuningdek, mahalliy byudjetdan ajratilgan 1 milliard so‘m hisobidan Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi huzurida “OSINT guruhi” (Open Source Intelligence) tashkil etildi.
Natijada, joriy yil 9 oyida Qoraqalpog‘istonda kiberjinoyatlar bilan bog‘liq murojaatlar soni o‘tgan yilga taqqoslaganda sezilarli darajada kamayishiga erishildi. Shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida, o‘tkazilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt”, “Qoradori – 2026”, “Xavfsiz oila”, “Profilaktika kuni” va shu kabi tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan, og‘ir tan jarohati yetkazish, firibgarlik, yo‘l transport hodisalari, transport vositasini olib qochish kabi jinoyatlarning kamayishiga erishildi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Prezidentimizning ichki ishlar organlari sohasiga qaratayotgan e’tiboriga munosib holda, kelgusida mas’uliyatli vazifalarni his etgan holda yanada samarali bajarish, yurtimizning tinch-osoyishta kunlarini saqlashga bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etish asosiy maqsadimiz bo‘lib qoladi.
B. Torebekov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik.
O‘zA