Xalqimiz jasorati va matonati barhayotdir
Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori 1941–1945-yillarda Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etib, buyuk gʻalabani taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi.
Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori 1941–1945-yillarda Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etib, buyuk gʻalabani taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi.
Oʻzbekiston xalqining urush yillarida koʻrsatgan mardlik va qahramonliklari, front ortida kechgan ogʻir va mashaqqatli hayoti biz uchun katta hayot maktabi, gʻurur va iftixor manbai boʻlib, vaqt oʻtgan sayin bu oʻlmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Buyuk gʻalabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqimizning urush yillaridagi ulkan jasorati va matonatini aniq tarixiy hujjatlar asosida yosh avlodga yetkazish, urush va mehnat frontida zahmat chekkan insonlarning aziz nomlarini abadiylashtirish maqsadida “Oʻzbekiston” nashriyotida “Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasi” nomli kitob-albom tayyorlanib, “Kolor-pak” bosmaxonasida oʻzbek, rus va ingliz tillarida 20 ming nusxada chop etildi.
Mazkur kitob-albom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga Oʻzbekiston xalqining qoʻshgan munosib hissasiga bagʻishlangan kitob-albomni nashr etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi asosida Fanlar akademiyasining Oʻzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi ilmiy xodimlari tomonidan bir qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Ushbu nashrda yurtimiz va chet ellardagi arxiv va muzeylarda, urush qatnashchilari va ularning oilalarida saqlanayotgan, hali koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan noyob tarixiy fakt va maʼlumotlar, suratlar, xatlar, xotiralar jamlangan.
Kitobda oʻzbekistonlik askarlarning qonli janglarda koʻrsatgan jasoratlari, Brest qalʼasi, Moskva ostonasi, Stalingrad, Kursk, Leningradni ozod qilish hamda Berlin uchun boʻlgan janglardagi qahramonliklari tarixiy faktlar asosida yoritilgan.
Oʻzbekistonlik qahramon askar va ofitserlar haqidagi yangi maʼlumotlar, jumladan, 24 yoshida Sovet Ittifoqi Qahramoni boʻlgan Qoʻchqor Turdiyev, general Sobir Rahimov, Sharof Rashidov, Zebo Gʻaniyeva, Mamadali Topivoldiyev, Ahmadjon Shukurov va boshqa koʻplab vatandoshlarimizning jasoratlari haqidagi tarixiy lavhalar kitob mazmunini yana-da boyitgan.
Urushda besh farzandidan judo boʻlgan Zulfiya aya Zokirovaning matonati timsolida yuz minglab onalarimizning metin irodasi, ulkan sabr-bardoshi oʻz ifodasini topgan.
Oʻsha olovli yillarda Oʻzbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz “Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – gʻalaba uchun!” deb yashab, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz ogʻir mehnat qilgani aniq misollar orqali yoritib berilgan.
Fashizmga qarshi kurashda yurtimiz ziyolilari, ilm-fan, adabiyot va sanʼat vakillarining qoʻshgan munosib hissasi ham kitob-albomda atroflicha aks ettirilgan.
Ushbu nashrda shuningdek, front hududlaridan koʻchirib keltirilgan minglab insonlarga boshpana bergan, ota-onasidan judo boʻlgan bolalarni “Sen yetim emassan!” deb oʻz bagʻriga olgan oʻzbek xalqining yuksak insonparvarlik fazilatlari haqida soʻz boradi.
Oʻzbekistonda evakuatsiyada boʻlgan shaxslarning xotiralari, frontda qatnashgan va uning ortida mehnat qilgan vatandoshlarimiz qalb iztiroblari aks etgan sahifalar ham kitob-albomdan oʻrin olgan.
***
Qutlugʻ bayram arafasida “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan yana bir yangi nashr – “Oʻzbekistonlik Ikkinchi jahon urushi qahramonlari” nomli kitob oʻzbek tilida keng oʻquvchilar ommasiga taqdim etildi.
Yangi aniqlangan tarixiy maʼlumotlar asosida tayyorlangan ushbu kitobda Ikkinchi jahon urushida chinakam jasorat namunalarini koʻrsatib, Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga sazovor boʻlgan oʻzbekistonlik askar va ofitserlar, generallar, shuningdek, oʻzining mardligi bilan uchala darajadagi Slava ordeni bilan taqdirlangan vatandoshlarimiz haqidagi maʼlumotlar xronologik tarzda keltiriladi.
Kitobdan nomlari joy olgan insonlarning barchasi millati, tili va dinidan qatʼi nazar, jonajon Vatanimiz himoyasi, uning farovonligi va obodligi yoʻlida fidokorona xizmat qilgan, hayoti va faoliyati Oʻzbekiston bilan bogʻliq boʻlgan qahramonlardir.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek: “Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm balosiga qarshi kurashda koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi tomonidan amalga oshirilgan buyuk tarixiy ishlarni kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, ularni jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash gʻoya muhim ahamiyatga ega”.
Xalqimizning yaqin oʻtmishidagi shonli tarixi, bashariyatni fashizm balosidan xalos etishga qoʻshgan ulkan hissasi, yengilmas irodasi va matonatidan hikoya qiluvchi ushbu nashrlar yurtimizda inson xotirasi aziz va muqaddas ekanini namoyon etish bilan birga, har birimizni urush dahshatlarini unutmaslikka, bugungi tinch va osuda hayotni qadrlab yashashga daʼvat etadi.