Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasida Palata raisi D.Ashurov boshchiligidagi rahbariyat hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ekspertlari Jan-Fransua Ven va Uilyam MakKlaski ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda notariat sohasida amalga oshirilgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.


Shuningdek, "Notarius" avtomatlashtirilgan axborot tizimini davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish, xususan, soliq va kadastr organlari bilan axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ko‘chmas mulkning bozor qiymatini baholashning amaldagi mexanizmi, ko‘chmas mulkni oldi-sotdisida jismoniy shaxslar daromad solig‘ini hisoblash tartibi, shuningdek mazkur masalalar bo‘yicha xalqaro tajriba yuzasidan fikr almashildi.


Uchrashuv qizg‘in muhokama hamda "savol-javob" shaklida o‘tdi. Tomonlar ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirishda notariatning o‘rni va ahamiyatiga doir amaliy masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
O‘zA