Xalqaro tajriba — milliy ta’lim taraqqiyoti omili
Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar va yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ilm-fan va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjatda oliy ta’lim muassasalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirishi, talabalarning akademik mobilligini qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Ayni shu vazifalar ijrosi doirasida Jizzax davlat pedagogika universitetining 22 nafar professor-o‘qituvchisi Malayziyaning “Universiti Utara Malaysia” universitetida tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida ishtirok etmoqda. 11–25-may kunlari davom etadigan ushbu dastur doirasida ishtirokchilar zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim menejmenti, ilmiy tadqiqotlarni xalqaro darajada tashkil etish, maqolalarni nufuzli ilmiy jurnallarda chop etish, ta’lim sifatini baholash hamda innovatsion o‘qitish metodikalari bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlamoqda.

E’tiborli jihati, malaka oshirish jarayoni nazariya bilan cheklanib qolmayapti. Dasturning dastlabki kunidayoq jizzaxlik pedagoglar Malayziyaning ilmiy, madaniy va shaharsozlik tajribasi bilan yaqindan tanishdi. Ular Kuala-Lumpur shahridagi “Petronas Twin Towers”, “Putrajaya” va “Merdeka Square” kabi mamlakat taraqqiyoti ramziga aylangan maskanlarda bo‘lib, innovatsion infratuzilma va boshqaruv tajribasini o‘rgandilar.

Shu bilan birga, universitetning magistratura va bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan bir guruh talabalar Turkiyaning “Necmettin Erbakan University”da xalqaro stajirovka dasturida ishtirok etishmoqda. Unda talabalar zamonaviy ta’lim texnologiyalari, ilmiy-tadqiqot metodologiyasi, akademik mobillik tizimi va raqamli ta’lim muhiti bo‘yicha amaliy tajriba orttirishmoqda. Xorijlik professor-o‘qituvchilar bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar va ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar esa ularning kasbiy dunyoqarashi va ilmiy salohiyatini yanada boyitishga xizmat qilyapti.

Bugun xorijda malaka oshirayotgan professor-o‘qituvchi va talabalar oldiga yuksak talablar qo‘yilmoqda. Ular egallagan bilim va tajribani ta’lim jarayoniga samarali tatbiq etishi, yangi o‘qitish metodikalarini joriy qilishi, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishi, ilmiy faollikni oshirishi hamda oliy ta’lim muassasasining xalqaro nufuzini mustahkamlashga hissa qo‘shishi lozim.
Zero, bugun ta’lim sohasidagi raqobat nafaqat moddiy baza, balki intellektual salohiyat, xalqaro tajriba va innovatsion yondashuvlar bilan ham belgilanmoqda. Jizzax davlat pedagogika universitetida amalga oshirilayotgan bunday tizimli ishlar esa milliy ta’limni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri