Xalqaro tajriba: amaliyot va samara
Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro filiali zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.
Filialda Buxoro Davlat tibbiyot institutining oftalmologiya – ko‘z kasalliklari kafedrasi bazasi joylashgan. Unda 11 nafar ilmiy tadqiqotchi mutaxassis, magistr va klinik ordinatorlar ta’lim olmoqda. Mazkur tibbiyot muassasasida bir yilda 500 dan ortiq murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish imkoniyati mavjud.
Bu yerda xorijlik mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazish an’anaga aylangan. Navbatdagi mahorat darsi Rossiya Federatsiyasining Nijniy Novgorod davlat tibbiyot akademiyasi, ko‘z kasalliklari kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Igor Mazunin tomonidan o‘tkazildi.
Rossiyalik olim o‘z tashrifi davomida markaz filiali mutaxassislari bilan 50 nafar ko‘z kasalliklari bilan og‘rigan (qandli diabet, qon-tomir kasalligi) bemorlarda intensiv tekshiruvlar o‘tkazdi. Ularni samarali davolash yuzasidan tavsiyalar berdi. Xalqaro miqyosida nufuzga ega bo‘lgan olim hamda shifokor ishtirokida shu muassasada murakkab sanalgan 11 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Yosh shifokorlar bilan bu borada ilmiy munozara olib borildi.
Markaz filiali tomonidan kelajakda viloyatdagi yosh oftalmologlarni Rossiya Federatsiyasida malaka oshirishi ko‘zda tutilgan. Bundan maqsad ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, “telemeditsina” orqali og‘ir xastalikka chalingan bemorlarda rossiyalik yetakchi mutaxassislar bilan yaqin hamkorlikda tekshirish hamda davolash ishlarini yo‘lga qo‘yishdir.
Zarif Komilov, O‘zA