Xalqaro standartlarga mos, xavfsiz va raqobatbardosh tibbiy jihozlar ishlab chiqarish sari qat’iy qadam
“Tibbiy buyumlar – Sifat menejmenti tizimlari – Tartibga solish maqsadlari uchun talablar” standarti tasdiqlandi
Bugungi kunda O‘zbekistonda farmatsevtika va tibbiy jihozlar sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan aholiga sifatli, xavfsiz mahsulotlar yetkazib berish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Global bozor talablariga mos milliy standartlarni joriy etish – mamlakat farmatsevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishning muhim omilidir. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 avgustda “Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonning 9-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda “ISO 13485 – Tibbiy jihozlar uchun sifat menejmenti tizimlari” xalqaro standarti talablariga moslashtirilgan milliy standartni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatilgan edi.
Natijada, 2025 yil 30 sentyabrda O‘zMSt ISO 13485:2025 (ISO 13485:2016, IDT) – “Tibbiy buyumlar – Sifat menejmenti tizimlari – Tartibga solish maqsadlari uchun talablar” O‘zbekiston milliy standarti davlat ro‘yxatiga kiritildi va 2025 yil 30 oktyabrdan boshlab amalga kiritildi.
Ushbu standart tibbiy jihozlar xavfsizligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish, sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini oshirish hamda O‘zbekistonning xalqaro farmatsevtika bozoridagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun O‘zMSt ISO 13485:2025 (ISO 13485:2016, IDT) standarti jahon talablariga mos mahsulot ishlab chiqish, eksport salohiyatini kengaytirish va ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, tibbiy jihozlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlashtirish orqali bemorlar xavfsizligi kafolatlanadi, aholining ishonchi va qoniqishi ortib boradi.
Ushbu farmoni asosida qabul qilingan O‘zMSt ISO 13485:2025 (ISO 13485:2016, IDT) milliy standarti – mamlakatimizda tibbiy jihozlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorga olib chiqish hamda aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Mohigul Qosimova, O‘zA