Xalqaro kuzatuvchilar Qashqadaryoda
Qashqadaryodagi saylov jarayonini bir guruh xalqaro kuzatuvchilar ham kuzatib bormoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatib borish uchun Qashqadaryo viloyatiga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekiston Respublikasida saylovni kuzatish missiyasi uzoq muddatli kuzatuvchilari, shuningdek, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Isroil, Ispaniya, Germaniya, Finlyandiya, Polsha, Chexiya, Litva, Moldova, Ruminiya, Singapur singari bir qator xorijiy davlatlardan xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etmoqda.

Ulardan biri singapurlik xalqaro kuzatuvchi Prakash Kejrival 13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasiga tashrif buyurib, okrug faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

– Ilgari bir qator davlatlardagi muhim siyosiy jarayonlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman, – deydi Prakash Kejrival. – Tan olish kerakki, mamlakatingizda, shu jumladan, Qashqadaryoda bu jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. Saylov uchastkalarida saylovchilarning erkin ovoz berishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Ayni paytgacha hech qanday qonun buzilishlarini kuzatmadik. Odamlar ko‘tarinki ruhda ovoz berib, o‘z fuqarolik burchlarini bajarmoqda. Barcha partiyalar vakillari ham uchastkalarda ishtirok etmoqda. Nomzodlarga omad tilayman.
O‘lmas Barotov, O‘zA.